Markaziy saylov komissiyasi 28-oktyabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovining dastlabki natijalarini e’lon qildi.
Komissiya raisi Zayniddin Nizomxo‘jayevning ma’lum qilishicha, 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlari deputatlari saylovida ro‘yxatga olingan 19 million 944 mingdan ortiq saylovchidan 15 million 27 ming 529 nafari, ya’ni 74,72 foizi ovoz berdi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, Qonunchilik palatasidagi 150 ta o‘rin partiyalar orasida quyidagicha taqsimlanadi:
- O‘zLiDeP — 64 ta o‘rin (38 ta bir mandatli okrug, 26 ta yagona okrug);
- “Milliy tiklanish” — 29 ta (15+14);
- “Adolat” SDP — 21 ta (9+12);
- XDP — 20 ta (7+13);
- Ekopartiya — 16 ta (6+10).
Ikki saylov tizimi bo‘yicha, ya’ni deputatlikka nomzodlarga va partiyalarga berilgan ovozlar quyidagicha bo‘ldi:
O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida ovoz berish jarayoni 27-oktyabr kuni 11 ming 28 ta saylov uchastkalarida soat 08:00 da boshlanib, soat 20:00 gacha davom etdi.
Bu yilgi saylovlarda Saylov jarayonini boshqarishning avtomatlashgan tizimidagi Saylovchilarning elektron ro‘yxatiga O‘zbekistondagi 19 million 944 ming 859 nafar saylovchi kiritilgandi. Bundan tashqari, chet ellardagi saylovchilar 165 ming 631 nafarni tashkil etdi. Shundan 140 388 nafari saylovda ishtirok etdi.
40 ta xorijiy davlatdagi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarida 57 ta saylov uchastkalari tashkil etilgan. Xorijdagi saylov jarayonlarining dastlabkisi Yaponiya va Koreya Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalarida Toshkent vaqti bilan soat 04:00 da boshlandi. Ovoz berish jarayonlarining so‘ngisi AQSHdagi vakolatxonalarda Toshkent vaqti bilan 28-oktyabr soat 05:00 da yakunlandi.
27-oktyabr soat 13:00 holatiga ko‘ra, 19 944 859 nafar saylovchidan 9 948 589 nafari yoki 47,62 foizi ovoz berishda ishtirok etdi va deputatlik saylovi o‘tgan deb hisoblandi.
Bu yilgi saylovlar yangilangan Konstitutsiya va milliy saylov qonunchiligiga binoan, aralash saylov (majoritar-proporsional) tizimi asosida o‘tkazildi. Bu tizim Qonunchilik palatasi deputatlarining 75 tasini bir mandatli saylov okruglaridan majoritar saylov tizimi bo‘yicha, qolgan 75 tasini esa partiya ro‘yxati bo‘yicha proporsional saylov tizimi orqali saylash imkonini beradi.
Izoh (0)