Daryo

Yaponiyada parlamentning quyi palatasi tarqatib yuborildi

Vazirlar Mahkamasining navbatdan tashqari yig‘ilishida muddatidan oldingi saylovlar muddati tasdiqlangan. Saylov kampaniyasi 27-yanvarda boshlanadi, ovoz berish 8-fevralda bo‘lib o‘tadi.

2 daqiqa o‘qish3 401 ko‘rishlar0 izoh0

Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi 8-fevral kuni muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkazilishini e’lon qildi. Bu haqda Youmiuri nashri xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, 23-yanvar, juma kuni Vakillar palatasining yalpi majlisida rais Fukushiro Nukaga tarqatib yuborish haqidagi imperatorlik farmonini o‘qib eshittirgan, shundan so‘ng parlament rasman o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

O‘sha kuni Vazirlar Mahkamasining navbatdan tashqari yig‘ilishida muddatidan oldingi saylovlar muddati tasdiqlangan. Saylov kampaniyasi 27-yanvarda boshlanadi, ovoz berish 8-fevralda bo‘lib o‘tadi.

Nashrning xabar berishicha, Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi (YaLDP) rahbari Shyunichi Suzuki ichki va tashqi vazifalarni hal etish uchun siyosiy barqarorlikning muhimligini ta’kidlab, hukmron koalitsiyaning mandatlar ko‘pchiligini saqlab qolish niyatini bildirgan.

Yaponiya parlamenti quyi palatasining tarqatib yuborilishi Vakillar palatasi barcha deputatlarining vakolatlari tugatilishini anglatadi. Parlamentning yangi tarkibi qisqa qishki kampaniya sharoitida saylov natijalariga ko‘ra shakllantiriladi. Quyi palatada jami 465 ta o‘rin bo‘lib, ulardan 289 tasi bir mandatli okruglar bo‘yicha va 176 tasi proporsional ro‘yxatlar bo‘yicha saylanadi.

Qayd etilishicha, Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi o‘zining siyosiy mavqeini mustahkamlash va saylovchilarning to‘g‘ridan to‘g‘ri mandatini olish uchun Vakillar palatasiga muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan. Rejalashtirilgan saylovlar 2028-yilning kuzida bo‘lib o‘tishi kerak edi.

Qaror korrupsiya mojarolari va bir qator saylovlardagi muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng boshlangan hukmron partiyaning uzoq davom etgan inqirozi fonida qabul qilindi. 2024-2025-yillarda YaLDP parlamentning avval quyi, keyin yuqori palatasida ko‘pchilikni yo‘qotdi, shuningdek, Tokiodagi saylovlarda mag‘lubiyatga uchradi. Buning ortidan “Komeito” partiyasi bilan ko‘p yillik koalitsiya barham topdi.

“Muddatidan oldin saylovlar parlamentdagi kuchlar taqsimotini qayta formatlash, muxolifat ta’sirini zaiflashtirish va hukumat dasturini amalga oshirishni soddalashtirish, jumladan, mudofaa xarajatlarini oshirish va iqtisodiy rag‘batlantirish usuli sifatida ko‘rib chiqilmoqda”, deb yozadi portal.

Oktyabr oyida Yaponiya tarixida ilk bor ayol bosh vazir lavozimini egalladi. Sanae Takaiti mamlakatning hukmron Liberal-demokratik partiyasi (LDP) rahbari etib saylandi. Takaitining o‘z lavozimiga kirishishdan avval aytgan “Ishlash, ishlash, ishlash, ishlash va yana ishlash” degan so‘zlari Yaponiyada o‘nlab boshqa nomzod iboralarni ortda qoldirib, yil shioriga aylandi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar