Daryo

Vuchich parlament tarqatilishi va muddatidan oldin saylov o‘tkazilishini ma’lum qildi

Serbiya prezidenti hukmron partiya tuzgan saylov ro‘yxatiga boshchilik qiladi va bosh vazirlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan.

1 daqiqa o‘qish2 494 ko‘rishlar0 izoh0

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Konstitutsiya va Prezident to‘g‘risidagi qonunga muvofiq parlamentni tarqatish va muddatidan oldin saylov o‘tkazish haqida qaror qabul qilishini aytdi. Bu haqda N1 xabar berdi.

Vuchich har ikki qaror 9-sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00 da rasman e’lon qilinishini bildirdi. Serbiyada parlament saylovlari 25-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi, saylovoldi kampaniyasi esa 46 kun davom etadi.

Prezident saylov natijalarini “qanday bo‘lishidan qat’iy nazar” qabul qilishini aytdi. U raqiblari g‘alaba qozonsa, ularni tabriklashini ham bildirdi. Qonunga ko‘ra, parlament saylovlarini mamlakat prezidenti tayinlaydi va saylov tayinlangan kundan ovoz berish kunigacha kamida 45, ko‘pi bilan 60 kun o‘tishi kerak.

Bundan avval hukmron Serbiya progressiv partiyasi (SPP) bosh kengashi bo‘lajak parlament saylovlarida “Yagona Serbiya” ro‘yxatiga amaldagi prezident Aleksandr Vuchich boshchilik qilishini bildirgan. G‘alaba qozonilgan taqdirda Vuchich bosh vazirlikka nomzod bo‘ladi.

Serbiyada deyarli ikki yildan beri Vuchichning iste’fosi talab qilinmoqda. Bu talab 2024-yil 1-noyabrda Novi-Sad shahridagi temiryo‘l vokzali binosining tomi qulashi oqibatida 16 kishi halok bo‘lganidan so‘ng boshlangan. Voqeadan keyin mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari avj olgandi. Namoyishchilar mas’ullarni jazolashni va mamlakat rahbariyatining iste’fosini talab qilgan.

2026-yil aprelida Vuchich parlamentga muddatidan oldin saylov o‘tkazishga tayyorligini aytgandi. Iyun oyida esa bir necha haftadan so‘ng iste’foga chiqishini ma’lum qilgan. Uning prezidentlik vakolati 2027-yilda tugaydi, parlamentning navbatdagi saylovlari esa 2027-yil dekabrida o‘tkazilishi kerak edi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar