Daryo

BMT a’zo davlatlardan Isroilga qurol yubormaslikni talab qildi

Tashkilot ekspertlari Livanga qilingan hujumlarni qoraladi. Ular Isroilning “xalqaro gumanitar va inson huquqlarini jiddiy buzganiga” oid ishonchli dalillar borligini aytdi.

2 daqiqa o‘qish4 234 ko‘rishlar0 izoh2

BMT ekspertlari a’zo davlatlarni Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

15-aprel kuni Isroilning Livanga uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida to‘rt nafar feldsher ham bor. Ekspertlar ushbu hujumlarni qoralab, ularni noqonuniy deb baholadi. 8-aprel kuni amalga oshirilgan hujumlarda esa 350 dan ortiq odam, jumladan 30 nafar bola halok bo‘ldi.

“Bu hujumlar Isroilning o‘z-o‘zini himoya qilishini anglatmaydi. Bu BMT Nizomini ochiqdan-ochiq buzish, tinchlikka qaratilgan harakatlarni qasddan izdan chiqarish va BMTga asoslangan xalqaro tartibni haqorat qilishdir”, dedi tashkilot ekspertlari.

Ular Isroilni Livanga qarshi barcha harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi. Shuningdek, BMTga a’zo davlatlarni “xalqaro gumanitar va inson huquqlari jiddiy buzilganiga oid ishonchli dalillar bor” paytda Isroilga qurol yetkazishni to‘xtatishni talab qildi.

Isroilning Livanga qarshi hujumlari 2-mart kuni boshlandi. Vaziyat “Hizbulloh” Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 28-fevral kuni o‘ldirilganiga javoban Isroilga raketalar uchirganidan keyin keskinlashdi.

Livanga qilingan hujumlar davomida 2000 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 1,2 milliondan ortiq kishi uyini tark etishga majbur bo‘ldi. BMT ekspertlari “tinch aholini majburiy ko‘chirish insoniyatga qarshi jinoyat” ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Isroilning Livan janubida, asosan shialar yashaydigan hududlarda uylarni maqsadli “vayron qilishi” etnik tozalash hisoblanishini aytdi.

Isroil va Livan 1993-yildan buyon ilk bor muzokara o‘tkazdi

Tomonlar 1993-yildan buyon birinchi marta tinchlikka erishish maqsadida diplomatik muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralarda vositachilik qilgan AQSH davlat kotibi Marko Rubio buni “Hizbulloh” ta’sirini tugatish uchun “tarixiy imkoniyat” deb atadi. Livan prezidenti Jozef Aun xavfsizlikni faqat armiya ta’minlashi kerakligini aytdi, biroq “Hizbulloh”ga qarshi imkoniyatlar cheklanganini tan oldi.

“Hizbulloh”ning yuqori martabali a’zolaridan biri ular erishilgan kelishuvlarga amal qilmasligini bildirgan. 1982-yilda tashkil etilgan “Hizbulloh” qurolli guruh bo‘lib, Livanning asosan shialar yashaydigan janubiy hududlari hamda poytaxt Bayrutning janubiy tumanlarida katta ta’sirga ega. Guruhga aloqador siyosatchilar hukumatda ham ikki vazirlik lavozimini egallab turibdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar