Daryo

“Harbiy jinoyat”: Isroilning Bayrutga hujumida 250 dan ortiq odam halok bo‘ldi (video)

Livan poytaxtiga 100 dan ortiq aviazarbalar berildi. Isroil buni peyjer operatsiyasidan keyingi eng yirik zarba deb atadi va “Hizbulloh” nishonga olinganini da’vo qildi. Livan hukumati qurbonlar tinch aholi vakillari ekanini ta’kidladi.

2 daqiqa o‘qish5 232 ko‘rishlar0 izoh2

Isroil 8-aprel kuni Bayrut markazidagi aholi zich yashaydigan savdo va turar joy hududlariga ogohlantirishsiz zarbalar berdi. Oqibatda kamida 254 kishi halok bo‘ldi, mingdan ortiq odam jarohatlandi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Aviahujumlar AQSH va Eron o‘t ochishni to‘xtatishga kelishganidan bir necha soat o‘tib amalga oshirildi. Livan sog‘liqni saqlash vaziri Rakan Nasiriddin mamlakat bo‘ylab “100 dan ortiq havo hujumlari” uyushtirilganini aytdi.

“Tez yordam mashinalari jabrlanganlarni shifoxonalarga olib ketmoqda. Biz xalqaro tashkilotlarni Livan sog‘liqni saqlash sohasiga yordam berishga chaqiramiz”, dedi u.

Aviahujumlar Bayrut, Beka vodiysi va Livan janubidagi hududlarga qaratilgan. Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats hujumlarda “Hizbulloh” infratuzilmasi nishonga olinganini da’vo qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu 2024-yildagi peyjerlar portlatilishi operatsiyasidan keyingi eng yirik zarba hisoblanadi.

Isroil armiyasi “zarbaga uchragan infratuzilmaning aksariyati tinch aholi yashaydigan hududlar markazida joylashganini” va “aloqador bo‘lmagan shaxslarga zarar yetkazmaslik uchun imkon qadar choralar ko‘rilganini” ta’kidladi.

“Hizbulloh” hujumlarni qoralab, tinch aholi punktlari nishonga olinganini ma’lum qildi. Livan parlamenti spikeri Nabih Berri buni “to‘liq harbiy jinoyat” deb atadi. BMTning Livan bo‘yicha maxsus koordinatori Janin Hennis ham Isroil hujumlari “davom etishi mumkinmasligini” aytdi.

“Hech bir tomon o‘t ochish yoki zarba berish orqali g‘alaba qozona olmaydi. Hozir barcha harbiy harakatlarni to‘xtatish, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar va 1701-rezolyutsiyaga asoslangan aniq yo‘l xaritasi vaqti keldi”, dedi Hennis.

U BMTning 2006-yildagi rezolyutsiyasiga ishora qildi, unda “Hizbulloh” va Isroil o‘rtasidagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqiriq mavjud.

Havo hujumlari AQSH va Eron besh haftadan ortiq davom etgan urushdan so‘ng ikki haftalik sulhga kelishganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi. Vositachi Pokiston esa Livan ham kelishuvga kiritilganini bildirdi. Biroq Isroil bosh vaziri Benjamin Netanyaxu sulh Livanga taalluqli emasligini aytib, hujumlar davom etishini ma’lum qildi.

Biz “Hizbulloh”ga zarba berishda davom etmoqdamiz, dedi u va Isroil “barmog‘i tepkida” ekanini va “har qanday paytda” Eron bilan jangga qaytishga tayyorligini qo‘shimcha qildi.​

“Himoyasiz tinch aholi”

Livan bosh vaziri Navaf Salam Isroil aholi zich joylashgan hududlarga hujum qilib, “himoyasiz tinch aholini” o‘ldirganini aytdi. U Isroilni xalqaro gumanitar huquq normalarini butunlay mensimaslikda aybladi.

“Livan barcha do‘stlarini mavjud imkoniyatlar orqali bu tajovuzni to‘xtatishga yordam berishga chaqiradi”, dedi Salam.

“Hizbulloh” vakili Ibrohim al-Mussaviy agar Isroil “o‘t ochishni to‘xtatishga rioya qilmasa”, Eron va uning ittifoqchilari javob qaytarishi mumkinligini bildirdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar