Daryo

O‘zbekistonda 2025-yildan “avtomoyka”lar xizmati qimmatlashishi mumkin

Avtomobil yuvish shoxobchalariga suv solig‘i 1 kub metr uchun 15 ming so‘m qilib belgilanmoqda

2 daqiqa o‘qish21 076 ko‘rishlar0 izoh0

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va Byudjetnoma ishlab chiqilganini e’lon qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Byudjetnomada 2025-yil uchun soliq siyosati taqdim etildi. Unga ko‘ra, asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi.

2025-yilning 1-aprelidan tarkibida shakar bo‘lgan nafaqat gazli ichimliklar, balki choy, sharbat va boshqa gazlanmagan shakarli ichimliklarning 1 litri uchun 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etiladi. Bundan tashqari, tarkibida shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylantiruvchi moddalar bo‘lgan gazlangan ichimliklar 1 litri uchun amaldagi 500 so‘mlik soliq 300 so‘mga tushiriladi.

Shuningdek, barcha tadbirkorlik subyektlari uchun suv solig‘i sanoat korxonalari bilan birxillashtiriladi (760 so‘m). Shu bilan birga, “avtomoyka”lar uchun suv solig‘i 1 kub metr uchun 15 ming so‘m qilib belgilanmoqda. Amalda bu 2700 so‘m.

Maʼlumot uchun, tarmoqlarda bitta avtomashinani yuvish uchun o‘rtacha 50-60 litr suv ketishi aytilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda bir “avtomoyka”da 2-3 ta avtomashina yuvish uchun joy bor.

Bir kun davomida avtomashina yuvish shoxobchalarida 20 ta mashina yuviladigan bo‘lsa, 1 tonna suv ketishi mumkin.

Bundan tashqari:

  • mol-mulk va yer solig‘i 10 foizga oshiriladi;
  • mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i bekor qilinadi;
  • import qilingan tabiiy gaz uchun ham ichki qazib olingan tabiiy gazni realizatsiya qilishdagi kabi aksiz solig‘i tartibi joriy etiladi. Aksiz stavkasi 20 foizdan 12 foizga tushiriladi;
  • YATTlar uchun qatʼiy belgilangan soliq stavkasi 10 foizga oshiriladi. Faoliyat turi, joylashgan hududiga qarab eng kam va eng yuqori soliq stavkalari diapazoni belgilanmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda 2025-yilda ish haqi va pensiyalarni oshirishga qancha mablag‘ ajratilishi ma’lum qilingani haqida xabar berilgandi.

Qonun loyihasi hamda Byudjetnomaning to‘liq matni bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

  • O‘zbekistonda 2024-yil 1-sentyabrdan pensiya va nafaqalar miqdori 15 foizga oshirilgandi. Xususan, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 428 ming so‘m, yoshga doir eng kam pensiya miqdori oyiga 834 ming so‘m etib belgilandi. Hozir 2 million 200 ming nafar fuqaro yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan yuqori miqdorda pensiya oladi.
  • 1-oktyabrdan eng kam ish haqi miqdori — oyiga 1 155 000 so‘m, BHM — 375 000 so‘m etib belgilandi. Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori, tibbiyot va pedagog xodimlardan tashqari, 10 foizga oshirildi.
Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar