Elyorbek Karimov Andijon shahri hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar u Izboskan tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.
Elyorbek Karimov faoliyati davomida g‘aznachilik hamda moliya tizimining tuman hamda viloyat idoralarida masʼul lavozimlarda, shuningdek, Izboskan tumani hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat olib borgan.
20-aprel kuni bir-biridan mustaqil “Daryo” manbalari Andijon shahri hokimi G‘ofurjon Abdurahmonov lavozimidan ozod etilganini xabar qilgandi.
Unda aytilishicha, 19-aprel, shanba kuni G‘ofurjon Abdurahmonov viloyat hokimligiga chaqirtirilib, undan o‘z xohishiga ko‘ra ariza yozib berish so‘ralgan. Bunga shahar bandlik bo‘limi boshlig‘ining xatti-harakatlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
“Hokimning ishdan olinishiga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi viloyat boshqarmasi Andijon shahar bo‘limi boshlig‘ining ish vaqtida kabinetida psixotrop modda iste’mol qilayotgani sabab bo‘lishi mumkin”, degan edi “Daryo” manbalaridan biri.
Andijon viloyati hokimi matbuot xizmati Rustamjon Eshonov shahar hokimining ishdan olingani haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini va hech qanday rasmiy asosga ega emasligini bildirib, agar o‘zgarish bo‘lsa, xabar berilishini aytgandi.
Izoh (0)