Bugun, 3-yanvar kuni tunda Venesuela poytaxti Karakas shahridagi harbiy va fuqaroviy obyektlarga havo hujumi amalga oshirildi. Hukumat AQSHni mamlakatga hujum qilganlikda ayblab, favqulodda holat joriy etdi, deya xabar berdi Associated Press.

Manbaga koʻra, poytaxtda kamida yetti portlash sodir etilgan. Hozircha Oq uy va Pentagon holat yuzasidan rasman bayonot bergani yoʻq.
Portlash oqibatida Karakasdagi harbiy bazadan tutun koʻtarilgani, yana bir harbiy inshoot elektrsiz qolgani xabar qilingan. Venesuela prezidenti Nikolas Maduro barcha milliy mudofaa rejalarini amalga oshirishni buyurgan va mamlakatda favqulodda holat eʼlon qilgan. Hukumat oʻz tarafdorlarini koʻchalarga chiqishga chaqirgan.
“Butun yer larzaga keldi. Bu dahshatli. Biz portlashlar va samolyotlar ovozini eshitdik”, degan portlash guvohlaridan biri, 21 yoshli ofis xodimi Karmen Hidalgo.

Avvalroq 2025-yil dekabrda Qoʻshma Shtatlar Venesuela sohilidagi port inshootiga dron orqali hujum uyushtirgani xabar qilingandi. Bu AQSHning Venesuela ichidagi nishonga ilk zarba berishi boʻlgan. Dron hujumi orqali mamlakat sohilidagi chekka kema toʻxtash joyi nishonga olingan. AQSH hukumatining bildirishicha, ushbu obyektdan Venesuelaning Tren de Aragua jinoiy guruhi giyohvand moddalarni saqlash va ularni keyinchalik kemalarga yuklab joʻnatish uchun foydalangan. Ushbu zarba AQSH va Venesuela prezidenti Nikolas Maduro oʻrtasidagi keskinlikni sezilarli darajada oshirgan. Bungacha AQSH Karib dengizi va Tinch okeanining sharqiy qismida giyohvand moddalar tashishda gumonlangan 30 dan ortiq kemani yoʻq qilgan edi. Ammo bu zarbalar xalqaro suvlarda amalga oshirilgan. Venesuela hududi ichida hujum uyushtirish esa — yangi bosqichdir.
Oq uy maʼmuriyati ushbu kampaniyani giyohvandlikka qarshi kurash bilan izohlamoqda. Biroq Trampning apparat rahbari Syuzi Uayls intervyularidan birida kema zarbalaridan maqsad Maduroni taslim boʻlishga majburlash ekanini shama qilgan. AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset narkobaronlarni terrorchilarga qiyoslagan.








