Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi AQSHning mintaqadagi texnologik kompaniyalari obyektlarini nishonga olish bilan tahdid qildi. Bu haqda Tasnim xabar berdi.
Yaqin Sharqdagi kompaniyalar orasida Microsoft, Apple va Google ham bor. Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi bu kompaniyalarni Eronga qarshi “terror operatsiyalarida” ishtirok etishda ayblamoqda. Ro‘yxatdan 18 ta kompaniya o‘rin olgan.
Ular orasida yirik texnologik korporatsiyalar, elektronika hamda chip ishlab chiqaruvchilar — Cisco, HP, Intel, Oracle, Microsoft, Apple, Google, Meta, IBM, Dell, Nvidia bor. Shuningdek, analitik dastur ishlab chiquvchi Palantir Technologies, JPMorgan Chase moliyaviy guruhi, sanoat va aerokosmik kompaniyalar — General Electric va Boeing ham kiritilgan. Bundan tashqari, Tesla, BAAning G42 sun’iy intellekt guruhi va Spire Solutions tilga olingan.
Bayonotda aytilishicha, ushbu kompaniyalar Eronga zarbalarni rejalashtirish va nishonga olish jarayonida ishtirok etgan. Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi kompaniya xodimlariga zudlik bilan ish joylarini tark etishni, yaqin hududda yashovchilarga esa obyektlardan kamida bir kilometr uzoqlashishni tavsiya qilgan. Biroq zarba berilishi mumkin bo‘lgan aniq joylar ochiqlanmagan.
Bayonotda aytilishicha, tahdidlar 1-aprel kuni Tehron vaqti bilan soat 20:00 dan (Toshkent vaqti bilan 21:30) kuchga kiradi. Mart oyi o‘rtalarida Eronning markaziy harbiy qo‘mondonligi AQSH va Isroil bilan bog‘liq Yaqin Sharqdagi obyektlar hamda bank infratuzilmasiga zarbalar berilishi mumkinligini e’lon qilgandi. Ogohlantirish Eron banklaridan biriga uyushtirilgan hujum ortidan yangragan.








