Daryo

Pentagon Eronga qarshi bir necha haftalik quruqlikdagi hujumga tayyorlanmoqda — WP

Ehtimoliy operatsiya to‘liq miqyosdagi bosqin darajasiga oʻtmaydi. Ammo u 2 oygacha choʻzilishi mumkinligi aytilmoqda.

2 daqiqa o‘qish5 926 ko‘rishlar0 izoh7

AQSH Eronda bir necha hafta davom etishi mumkin bo‘lgan quruqlikdagi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda amerikalik rasmiylarga tayanib, The Washington Post xabar berdi.

Minglab amerikalik askar va dengiz piyodalari Yaqin Sharqqa yuborilmoqda. Agar prezident Donald Tramp vaziyatni keskinlashtirishga qaror qilsa, bu urushning yangi bosqichga o‘tishini anglatadi.

Rasmiylarga ko‘ra, ehtimoliy operatsiya to‘liq miqyosdagi bosqin darajasiga chiqmaydi. U maxsus operatsiya kuchlari va oddiy piyoda qo‘shinlarining aralash reydlarini o‘z ichiga olishi mumkin. Harbiy rejaning maxfiyligi sabab manbalar anonim holda gapirgan.

Bunday missiya AQSH harbiy xizmatchilarini qator tahdidlar, jumladan, Eron dronlari va raketalari, quruqlikdagi otishmalar va qo‘lbola portlovchi qurilmalar xavfi ostida qoldirishi mumkin, deyiladi xabarda.

Tramp ma’muriyati so‘nggi kunlarda urush tugashini e’lon qilish va uni kuchaytirish ehtimoli o‘rtasida ikkilanmoqda. AQSH prezidenti mojaroni muzokaralar orqali yakunlash istagini bildirgan.

Biroq Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt 24-mart kuni agar Tehron yadroviy dasturidan voz kechmasa va AQSH hamda ittifoqchilariga tahdidlarni to‘xtatmasa, Tramp “doʻzax olovini yogʻdirishga” tayyor ekanini aytgan.

Maʻmuriyat so‘nggi bir oy ichida Fors ko‘rfazidagi muhim neft eksport markazi — Xarg orolini egallash hamda Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida reydlar o‘tkazish masalasi muhokama qilingan, deyiladi xabarda.

Manbalardan biri bunday operatsiyalar “oylar emas, haftalar” davom etishini aytgan, boshqasi esa muddatni “bir-ikki oy” deb baholagan. Tramp 20-mart kuni Oq uyda jurnalistlarga:

Men qo‘shin yubormayapman. Agar yuboradigan bo‘lsam ham, buni sizga aytmagan bo‘lardim. Ammo hozircha yubormayapman, degan edi.

AQSH davlat kotibi Marko Rubio 27-mart kuni bu mojaro uzoq davom etmasligini aytdi. U AQSH barcha maqsadlariga quruqlik qo‘shinlarisiz ham erisha olishini ta’kidlagan.

Rubioning bu bayonoti Axios’ning Pentagon Eronga qarshi “so‘nggi zarba” tayyorlayotgani, bu quruqlikdagi kuchlar va keng ko‘lamli bombardimon kampaniyasini o‘z ichiga olishi mumkinligi haqidagi xabaridan keyin yangradi.

Axios va The Wall Street Journal ham so‘nggi kunlarda ma’muriyat Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 10 ming quruqlikdagi qo‘shinini joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar