Daryo

AQSH ilk bor Venesuela hududidagi obyektga hujum qildi

Tramp ma’muriyati Venesuelaning Tren de Aragua guruhi foydalanadigan portga havodan zarba berdi. Hujumda qurbonlar qayd etilmadi.

2 daqiqa o‘qish4 437 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) dekabr oyi boshida Venesuela sohilidagi port inshootiga dron orqali hujum uyushtirdi. Bu AQSHning Venesuela ichidagi nishonga ilk zarba berishidir. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, CNN xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, dron hujumi Venesuela sohilidagi chekka kema to‘xtash joyi nishonga olgan. AQSH hukumatining bildirishicha, ushbu obyektdan Venesuelaning Tren de Aragua jinoiy guruhi giyohvand moddalarni saqlash va ularni keyinchalik kemalarga yuklab jo‘natish uchun foydalangan.

Zarba berilgan vaqtda inshootda hech kim bo‘lmagan, shu sababli qurbonlar qayd etilmagan. Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, operatsiya natijasida inshoot va undagi qayiqlar yo‘q qilingan, biroq bu ko‘proq ramziy ma’noga ega. Chunki bunday to‘xtash joylari (dok) mamlakatda juda ko‘p va ushbu hujum hatto Venesuela ichida ham deyarli e’tiborni tortmagan.

AQSH rasmiylarining munosabati

Prezident Donald Tramp o‘tgan hafta bergan intervyusida ushbu hujumni ilk bor tan olgan bo‘lsa-da, tafsilotlarni ochiqlamagan edi. U kecha, 29-dekabr kuni jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, AQSH “kemalar giyohvand moddalar bilan yuklanadigan dok hududiga” zarba berganini tasdiqladi.

“Biz xalqaro suvlarda qayiqlarga zarba berdik, endi esa o‘sha hududning o‘zini noshonga oldik. Bu yuklash zonasi edi va u endi yo‘q”, dedi Tramp.

​Biroq u operatsiya harbiylar yoki razvedka tomonidan amalga oshirilganiga aniqlik kiritishdan bosh tortgan.

Ziddiyatli bayonotlar

Ikki manbaning ta’kidlashicha, operatsiyani razvedka ma’lumotlari bilan AQSH Maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘llab-quvvatlagan. Ammo AQSH Maxsus operatsiyalar qo‘mondonligi matbuot kotibi, polkovnik Alli Vayskopf buni rad etib, ushbu operatsiyada ishtirok etmaganliklarini bildirgan. MRB mazkur holat yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan. Oq uy va Venesuela hukumatidan ham hozircha rasmiy munosabat bildirilmagan.

Vaziyatning keskinlashishi

Ushbu zarba AQSH va Venesuela prezidenti Nikolas Maduro o‘rtasidagi keskinlikni sezilarli darajada oshirishi aytilmoqda. Bungacha AQSH Karib dengizi va Tinch okeanining sharqiy qismida giyohvand moddalar tashishda gumonlangan 30 dan ortiq kemani yo‘q qilgan edi. Ammo bu zarbalar xalqaro suvlarda amalga oshirilgan. Venesuela hududi ichida hujum uyushtirish esa — yangi bosqichdir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil boshida Tramp MRBning Lotin Amerikasida, jumladan Venesuelada operatsiyalar o‘tkazish vakolatlarini kengaytirgan. Avvalroq AQSH harbiylari faqat dengizdagi kontrabandachilarga zarba berish huquqiga ega edi.

“Yarimsharning Al-Qoidasi”

Oq uy ma’muriyati ushbu kampaniyani giyohvandlikka qarshi kurash bilan izohlamoqda. Biroq Trampning apparat rahbari Syuzi Uayls intervyularidan birida kema zarbalaridan maqsad Maduroni taslim bo‘lishga majburlash ekanligini shama qilgan. AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset narkobaronlarni terrorchilarga qiyoslagan:

Bu narkoterrorchilar bizning yarim sharning “Al-Qoida”sidir. Biz ularni xuddi “Al-Qoida”ni ovlagandek, xuddi shunday mahorat va aniqlik bilan ovlayapmiz.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar