Daryo

Netanyaxu boshqa mamlakatlarni ham Isroil va AQSHning Eronga qarshi urushiga qo‘shilishga chaqirdi

Isroil bosh vaziri Islom respublikasiga qarshi keng xalqaro koalitsiya go‘yoki dunyo xavfsizligi uchun zarurligini bildirgan.

1 daqiqa o‘qish39 844 ko‘rishlar0 izoh18

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu butun dunyo mamlakatlari rahbarlariga murojaat qilib, ularni Eronga qarshi Isroil-Amerika urushiga qo‘shilishga chaqirdi. U bu haqda Isroil janubidagi Arad shahriga Eron raketasi qulagan joyga tashrifi chog‘ida bildirgan.

Dalil sifatida Netanyaxu Eronning Isroildagi fuqarolik obyektlariga zarbalari, Hind okeanidagi Diyego Garsiya orolida joylashgan Britaniya-Amerika bazasi tomon 4 ming km masofaga qit’alararo raketa uchirgani hamda Hormuz bo‘g‘ozini qisman to‘sib qo‘ygani haqidagi da’volarni keltirgan.

“Butun dunyoga tahdid solayotgan bu rejimni to‘xtatish kerakligiga yana qanday dalillar kerak? Isroil va Qo‘shma Shtatlar butun dunyo bilan birgalikda harakat qilmoqda. Endi boshqa mamlakatlar rahbarlari ham qo‘shiladigan vaqt keldi. Ularning ba’zilari bu yo‘nalishda harakatlana boshlaganini mamnuniyat bilan aytmoqchiman, biroq bundan ham ko‘prog‘i kerak”, dedi Netanyaxu.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronga qarshi keng xalqaro koalitsiya go‘yoki “butun dunyo xavfsizligi uchun” zarur.

28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi urush boshladi. Mamlakatning eng yirik shaharlari, jumladan, Tehron ham zarbaga uchradi. Oq uy hujumni go‘yoki Islom respublikasidan kelayotgan raketa va yadroviy tahdidlar bilan oqladi. Eronga berilgan zarbalar oqibatida oliy rahnamo Ali Xomanaiy va mamlakat rahbariyatining boshqa bir qator muhim shaxslari halok bo‘ldi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Isroilga hujum qilib, keng ko‘lamli javob amaliyotini e’lon qildi. Shuningdek, AQSHning Bahrayn, Iordaniya, Iroq, Qatar, Kuvayt, BAA, Ummon, Saudiya Arabistoni va Suriyadagi obyektlariga ham zarbalar berildi.

Eronning 21-mart kuni kechqurun Isroilning asosiy yadroviy obyekti joylashgan Dimona hamda Arad shaharlariga bergan raketa zarbalari oqibatida 200 dan ortiq kishi tan jarohati oldi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar