Daryo

Aprelda banklardagi muammoli kreditlar sezilarli ko‘paydi — Markaziy bank

Bir oy ichida qaytarilmayotgan qarzlar 1,6 trln so‘mga ortib ketdi. Muammoli kreditlarning katta qismi davlat banklariga tegishli.

1 daqiqa o‘qish6 613 ko‘rishlar0 izoh0

2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi banklarning jami muammoli kreditlari 21,9 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu mart oyidagidan 1,6 trillion so‘mga (8 foiz) ko‘p. 

Markaziy bank respublikadagi tijorat banklari ajratgan jami kreditlar qoldig‘i 629 trillion so‘mga yetganini maʼlum qildi. Shundan 3,5 foizi muddati o‘tib, qaytarilmayotgan muammoli qarzlar hisoblanadi. 

Muammoli kreditlarning 15,1 trillion so‘mi to‘qqizta davlat bankiga tegishli. Qolgan 6,8 trillion so‘m qaytarilmayotgan qarzlarni xususiy banklar ajratgan. 

Davlat banklaridan eng katta miqdordagi undirib bo‘lmayotgan qarzlar “O‘zmilliybank”da qayd etilgan — 3,6 trillion so‘m. Mazkur raqam mart oyida 3,46 trillion so‘m edi. Keyingi o‘rinlardagi yirik muammoli qarzlar “Agrobank” (2,7 trillion so‘m ), “O‘zsanoatqurilishbank” (2,3 trillion so‘m) va Asaka bank (1,8 trillion so‘m) tomonidan ajratilgan. Shu bilan birga, “Biznesni rivojlantirish banki” (1,1 trillion so‘m), “Xalq banki” (1 trillion so‘m) hamda “Mikrokreditbank” (987 milliard so‘m) undira olmayotgan kreditlar miqdori ham sezilarli katta. 

Xususiy banklar orasida “Ipotekabank” (1,1 trillion so‘m) va Kapitalbankda (1,1 trillion so‘m) qaytarilmayotgan qarzlar ulushi yuqori shakllangan. 

Umuman olganda, respublikada oxirgi besh yil davomida muammoli kreditlar ulushi sezilarli ortgan. Xususan, 2021-yil 1-yanvarda jami muddati o‘tgan qarzlar 5,8 trillion so‘m edi. Oradan bir yil o‘tib bu raqam birdaniga 17 trillion so‘mga chiqqan. Mazkur keskin o‘sish pandemiya va undan keyingi tiklanish davriga to‘g‘ri kelgan. 2023-yil yanvarda 14 trillion so‘mlik, 2024-yil boshida 16,6 trillion so‘mlik muammoli kreditlar qayd etilgan. 2025-yil yanvarida muammoli qarzlar 21 trillion so‘mdan oshib ketgandi.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar