Daryo

Banklarga qaytarilmayotgan muammoli kreditlar ulushi qisqardi

Xususiy va davlat banklari bir yil ichida 3,1 trln soʻmlik muddati oʻtgan qarzlarni undirishga erishgan. Biroq qaytarilishi kerak boʻlgan va toʻlanmayotgan kreditlar miqdori kam emas.

1 daqiqa o‘qish9 495 ko‘rishlar0 izoh1

Oʻzbekistondagi banklarda muammoli kreditlar miqdori bir yilda 3,1 trillion soʻmga kamaydi. Davlat banklari 1,5 trillion soʻm, xususiy banklar 1,6 trillion soʻmlik muddati oʻtgan qarzlarni soʻndira olgan.

Infografika: “Daryo” / Dilbek To‘rayev

2026-yil 1-yanvar holatiga koʻra, respublikadagi banklarning jami kredit qoldigʻi 604 trillion soʻmga yetgan. Shundan 18,1 trillion soʻmi (3 foiz) muammoli kreditlar hisoblanadi. Taqqoslash uchun, 2025-yil 1-yanvarda umumiy kreditlar 533,1 trillion soʻm boʻlgan. Buning 21,2 trillion soʻmi muddati oʻtgan (muammoli) qarzlar edi. 

Markaziy bank tahlilida keltirilishicha, oʻtgan oy boshida muammoli kreditlarning 70 foizi—12,8 trillion soʻm davlat banklariga tegishli boʻlgan. Qolgan 5,2 trillion soʻmlik muddati oʻtgan qarzlarni xususiy banklar ajratgan.

Davlat banklari orasida eng katta miqdordagi muammoli kreditlar Oʻzmilliybankda qayd etilgan—3 trillion soʻm. Bir yil ilgari bu koʻrsatkich 3,3 trillion soʻm boʻlgan. Shu bilan birga, Agrobank (2,7 trillion soʻm),

Oʻzsanoatqurilishbank (1,6 trillion soʻm) va Asaka bankda (1,5 trillion soʻm) muddati oʻtgan kreditlar ulushi nisbatan yuqoriligicha qolgan.

Xususiy banklar orasida eng koʻp muammoli kreditlar Ipoteka-bankda qayd etilgan —1,25 trillion soʻm. Lekin bir yil oldin mazkur bank hisobidagi muddati oʻtgan qarzlar miqdori 3,57 trillion soʻm boʻlgan. Yaʼni 12 oy ichida 2,3 trillion soʻm muammoli kreditlarni undirishga erishilgan.

Xususiy banklar orasida Kapital bank muammoli kreditlari ulushi ham nisbatan yuqori—1 trillion soʻm. Biroq bu raqam bir yil avvalgidan 400 milliard soʻmga kamaygan.

Umuman olganda, respublikada oxirgi besh yil davomida muammoli kreditlar ulushi sezilarli ortgan. Xususan, 2021-yil 1-yanvarda jami muddati oʻtgan qarzlar 5,8 trillion soʻm edi. Oradan bir yil oʻtib bu raqam birdaniga 17 trillion soʻmga chiqqan. Mazkur keskin oʻsish pandemiya va undan keyingi tiklanish davriga toʻgʻri kelgan. 2023 yil yanvarda 14 trillion soʻmlik, 2024-yil boshida 16,6 trillion soʻmlik muammoli kreditlar qayd etilgan.   

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar