Daryo

Aholining banklardan qarzdorligi rekord darajada ko‘paydi

Odamlar olgan kreditlar qoldig‘i bir yilda 21,2 foizga ortdi. Eng ko‘p qarz toshkentliklar zimmasida bo‘lib turibdi.

2 daqiqa o‘qish22 162 ko‘rishlar0 izoh10

O‘zbekiston aholisining banklardagi kreditlari bir yilda 21,2 foizga ko‘paydi. Markaziy bank qarzlar taqsimotiga oid asosiy raqamlarni ochiqladi.

Qarzdorlik sezilarli ortdi

2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, banklardan aholi va biznesning jami qarzi 629 trln so‘mga yetdi (2025-yil mayda 565,5 trln so‘m edi). Bunda qarzdorlik bir yil oldingiga nisbatan 11 foizga oshgan. Yillik o‘sish — 63,5 trln so‘m (11,2 foiz).

Kreditlarning 398,2 trln so‘mi tadbirkorlar zimmasida bo‘lib, miqdor 12 oyda 23,1 trln so‘mga (12 foiz) ortgan. Aholi qarzlari qoldig‘i esa 230,8 trln so‘mga yetdi. Bu bir yil oldingidan (190,4 trln so‘m) qariyb 40,3 trln so‘mga yoki 21,2 foizga ko‘p. 

2020-yil 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining banklardan jami kreditlari 43,8 trln so‘m bo‘lgan. Qolgan yillar may oyi boshlaridagi ko‘rsatkichlar quyidagicha:

  • 2021-yil — 58,7 trln so‘m;
  • 2022-yil — 75,3 trln so‘m;
  • 2023-yil — 113,9 trln so‘m;
  • 2024-yil — 156,1 trln so‘m.

Bundan kelib chiqadiki, oxirgi olti yilda aholining banklardagi kreditlari hajmi besh baravardan ortiqqa o‘sgan.

Joriy yil 1-may holatiga ko‘ra, umumiy kreditlardan davlat banklari ajratgan qismi 417,2 trln so‘m, xususiy banklarniki 211,7 trln so‘mni tashkil etgan.

Eng ko‘p kredit olingan hudud

Toshkent shahri kredit miqdori jihatdan respublikada mutlaq yetakchi bo‘lib qolmoqda. Poytaxtda 1-may holatiga jami foizli qarzlar qoldig‘i 290 trln so‘mdan ortgan. Bu mamlakatdagi banklar umumiy kreditlari hajmining deyarli yarmiga (46,1 foiz) teng. Mazkur qarzlarning 68,7 trln so‘mi aholi, 221,2 trln so‘mi biznes subyektlari tomonidan olingan. Hududlar kesimida aholi va korxonalarga berilgan kreditlar qoldig‘i quyidagicha:

  • Farg‘ona viloyati — 36,4 trln so‘m;
  • Samarqand viloyati — 32,3 trln so‘m;
  • Toshkent viloyati — 29,7 trln so‘m;
  • Qashqadaryo viloyati — 29,4 trln so‘m;
  • Andijon viloyati — 28,2 trln so‘m;
  • Buxoro viloyati — 27,1 trln so‘m;
  • Xorazm viloyati — 26,2 trln so‘m.
  • Surxondaryo viloyati — 24 trln so‘m;
  • Namangan viloyati — 22,7 trln so‘m;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 21,2 trln so‘m;
  • Jizzax viloyati — 20,5 trln so‘m;
  • Navoiy viloyati — 20,1 trln so‘m;
  • Sirdaryo viloyati — 20,4 trln so‘m.
Ko‘rish mumkinki, poytaxt aholisining o‘zi Farg‘onadan boshqa istalgan bir viloyatning jami kreditlariga nisbatan ikki baravar ko‘proq qarzdor. 

Qarzlarning banklar bo‘yicha taqsimoti

Umumiy kreditlar qoldig‘ining 107,4 trln so‘mi davlat tasarrufidagi “O‘zmilliybank”ka tegishli. Miqdor jihatdan keyingi o‘rinlarni quyidagi banklar egallagan:

  • “Agrobank” — 89 trln so‘m;
  • “O‘zsanoatqurilishbank” — 61,7 trln so‘m;
  • “Asaka bank“ — 40,2 trln so‘m;
  • “Xalq banki” — 36,7 trln so‘m;
  • “Ipotekabank” — 35,6 trln so‘m.

Aholi qanday maqsadlarda kredit olmoqda?

Markaziy bank tahliliga ko‘ra, aholi olgan qarzlarning eng ko‘p qismi — 83,9 trillion so‘mi ipoteka kreditlari hisoblanadi. Mazkur ko‘rsatkich bir yil oldingidan 4,5 trillion so‘mga o‘sgan. Keyingi navbatda mikroqarzlar (50,1 trillion so‘m), mikrokreditlar (44,3 trillion so‘m) va avtokreditlar (39,6 trillion so‘m) miqdori nisbatan yuqori shakllangan.

Aholi olgan kreditlarning 6,9 trillion so‘mi taʼlim uchun bo‘lgan. Bu qiymat bir yil avvalgidan deyarli o‘zgarmagan. Isteʼmol kreditlari miqdori 515 milliard so‘mni tashkil etgan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar