2026-yil I choragida O‘zbekiston qonunchiligi talablarini buzgan 14 ta bank va ikkita mikromoliya tashkiloti jarimaga tortildi. Bu haqda Markaziy bank maʼlum qildi.
Tekshiruvlar davomida Shaffof-moliya va Tezcoin mikromoliya tashkilotlari hamda Uzum bank faoliyatida qator kamchiliklar aniqlangan. Xususan, ular mikroqarz ajratish, mijozlar murojaatlarini ko‘rib chiqish va axborot taqdim etish tartiblarini buzgan. Natijada Shaffof-moliya 201 million so‘m, Tezcoin 156 million so‘m, Uzum bank esa 215,5 million so‘m jarimaga tortilgan.
Chorak davomida Ipoteka-bank faoliyati bo‘yicha isteʼmolchilardan kelgan shikoyatlar ham o‘rganilgan. Jarayonda bank kredit pullarini mijozlar kartalaridan belgilangan sanadan oldin va qarzdor roziligisiz yechib olgani aniqlangan. Yana shartnomalarni rasmiylashtirishda qonunchilik talablariga rioya etilmagani kuzatilgan. Shu sababli bankka nisbatan 105 million so‘m jarima qo‘llangan.
Markaziy bank uch oy ichida banklarning hududlardagi filiallari va alohida bo‘linmalarida “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlari o‘tkazgan. Jarayonda isteʼmolchilar bilan munosabatlarda oshkoralik, shaffoflik, axborotlar to‘liqligi va to‘g‘riligiga oid qonunchilik talablariga rioya etilmagani aniqlangan.
Regulyator yuqorida qayd etilgan qator qoidabuzarliklar sabab 14 ta bankka nisbatan jami 681,5 million so‘m jarima sanksiyasi qo‘llagan. Shundan eng yirik jarimalar Agrobank (255 million so‘m) va O‘zsanoatqurilishbank (119,5 million so‘m) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Avvalroq O‘zbekistondagi banklarning muammoli kreditlari bir oyda 1,7 trillion so‘mga oshib, jami 23,6 trillion so‘mga yetgani xabar qilingandi.








