Nigeriyaning Zamfara shtatida harbiylar tomonidan amalga oshirilgan havo hujumi oqibatida kamida 20 nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Harbiylar tinch aholi yashaydigan hududlarga “terrorchilar” hujum qilishga tayyorlanayotgani haqida ma’lumot olgach, aviahujum uyushtirgan.
Qo‘shimcha razvedka ma’lumotlari banditlar ayrim dehqonlarni o‘ldirganini va bir qancha tinch aholini, jumladan, ayollar va bolalarni o‘g‘irlab ketganini tasdiqlagan, deydi havo kuchlari komodori Ehimen Ejodame.
U aviahujumda ikki fuqaro halok bo‘lgani va yana ikki kishi yaralanganini aytgan. Biroq mahalliy aholi so‘zlariga ko‘ra, harbiy samolyot jinoyatchilarni emas, ularni quvib borgan fuqarolarni adashib nishonga olgan.
Shanba kuni (31-may) biz ikki karra fojiani boshimizdan kechirdik: o‘nlab odamlarimiz va chorva mollarimizni banditlar olib ketdi. Ularni quvib borgan odamlarimizni esa harbiy samolyot o‘qqa tutdi. Bu hujumda 20 kishi halok bo‘ldi, dedi jabrlangan hudud aholisi vakili Buhari Dangulbi.
Aholining aytishicha, banditlar avval Maru tumanidagi Mani va Vabi qishloqlariga hujum qilib, qoramollarni o‘g‘irlagan va bir nechta odamni olib ketgan. Havo kuchlarini aynan ushbu qishloqlar aholisi yordam so‘rab chaqirgan. Hodisa yuzasidan Nigeriya Mudofaa vazirligi hozircha izoh bermagan.
Izoh (0)