Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga rasmiy tashrifi doirasida birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva Serbiya birinchi xonimi Tamara Vuchich hamrohligida Belgraddagi madaniy obyektlarga tashrif buyurdi.
Birinchi xonimlar dastlab Serbiya Milliy muzeyida mamlakat tarixiga oid arxeologik topilmalar, serb va jahon san’ati asarlari bilan tanishdi. Shuningdek, muzeyda tashkil etilgan an’anaviy hunarmandchilik ko‘rgazmasi ko‘zdan kechirildi.
Tashrif davomida XII asrga oid Miroslav Injiliga alohida e’tibor qaratildi. Serb kirill yozuvining eng qadimiy namunalaridan biri hisoblangan ushbu qo‘lyozma 2005-yilda UNESCOning “Jahon xotirasi” xalqaro reyestriga kiritilgan.
Shundan so‘ng Ziroat Mirziyoyeva va Tamara Vuchich dunyodagi eng yirik pravoslav ibodatxonalaridan biri bo‘lgan Avliyo Savva cherkoviga tashrif buyurdi. Muloqot davomida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.








