Daryo

O‘zbekistonning Suriyadagi elchisi tayinlandi

Bu lavozimni mamlakatning Kuvayt va Iroqdagi elchisi bo‘lgan Ayubxon Yunusov egalladi.

1 daqiqa o‘qish2 870 ko‘rishlar0 izoh0

Ayubxon Yunusov O‘zbekistonning Suriyadagi elchisi (qarorgohi Al-Kuvaytda) etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, u mamlakat tashqi ishlar vaziri Asad Hasan ash-Shayboniga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Uchrashuv davomida Suriya vaziri Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratishini alohida ta’kidladi. So‘nggi paytlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalar faollashgani qayd etildi, siyosiy muloqotni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi. Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi.

Xususan, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston­—Suriya hukumatlararo qo‘mitasini tuzish, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini shakllantirish hamda boshqa qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Suriya tomoni ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada faollashtirishga tayyorligini ma’lum qilar ekan, O‘zbekiston tomonidan hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslarni ko‘rib chiqish hamda ularning amalga oshishiga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston—Suriya munosabatlarini siyosiy muloqot, oliy va yuqori darajadagi o‘zaro tashriflar, savdo-iqtisodiy hamkorlik singari yo‘nalishlarda hamda o‘zaro manfaatli bo‘lgan boshqa sohalarda yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Ayubxon Yunusov 2024-yil 6-fevral kuni O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchisi lavozimida ishlab kelmoqda. U 2025-yil 10-oktyabrdan buyon mamlakatning Iroqdagi elchisi ham hisoblanadi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar