Xorazm viloyati Xonqa tumanida ayolni maktabga ishga qabul qilish va keyinchalik direktor o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazish evaziga 14 mln so‘m olgan maktab direktori 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. “Daryo” sud hujjati bilan tanishdi.
Aniqlanishicha, 1977-yilda tug‘ilgan Z.Y. 2025-yil noyabr oyida Xonqa tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan biriga direktor etib tayinlangan. Joriy yil fevral oyida S.X. ismli ayol u rahbarlik qilayotgan maktabga kelib, mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashishda yordam so‘ragan.
Suhbat davomida Z.Y. ayni paytda maktabda fizika fani o‘qituvchisi uchun bo‘sh ish o‘rni borligini, dastlab shu lavozimda ishlasa, keyinchalik uni direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazishi mumkinligini aytgan.
“O‘zingiz bilasiz, har bir maktabning o‘ziga yarasha chiqimlari bor. Shu sababli ish oldidan ozgina yordam qilmasangiz bo‘lmaydi”, deya direktor suhbat davomida pul berish kerakligiga shama qilgan.
Z.Y. ayolni ishga joylashtirish va keyinchalik direktor o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazish evaziga dastlab 23 mln so‘m so‘ragan. S.X. buncha mablag‘i yo‘qligini aytgach, direktor 14 mln so‘m bersa, masalani hal qilib berishini bildirgan.
Shundan so‘ng Z.Y. goh yuzma-yuz uchrashganda, goh telefon orqali pulni tezroq berishni so‘ray boshlagan. S.X. esa holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Murojaat asosida 24-fevral kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Z.Y. kimyoviy ishlov berilgan 14 mln so‘mni Urganch—Xonqa yo‘nalishida qatnovchi taksi haydovchisidan olgan vaqtida ushlangan.
Sudda direktor ushbu pullarni ikki oy muddatda qaytarish sharti bilan qarz sifatida so‘raganini, ayolni ishga qabul qilish yoki keyinchalik direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlash niyati bo‘lmaganini bildirgan.
Biroq sud guvohlarning ko‘rsatmalari, audioyozuvlar, Telegram yozishmalari, tezkor tadbir hujjatlari va ekspertiza xulosalarini Z.Y.ning aybini tasdiqlovchi dalillar sifatida baholagan.
Sud Z.Y.ni Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topib, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Shuningdek, u 2 yil davomida davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Direktorning himoyachisi hukmdan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati bergan. Biroq, Xorazm viloyat sudi apellyatsiya instansiyasi shikoyatni qanoatlantirmasdan, hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.
Avvalroq Qashqadaryoda tayinlanganiga 2 oy bo‘lmasdan 500 dollar pora olgan maktab direktori 5 yilga qamalgani xabar qilingandi. Surxondaryo viloyati Termiz tumanida esa shtati qisqarayotgan o‘rinbosaridan 2 million so‘m miqdorida pora olgan maktab direktori 4 yilga ozodlikdan mahrum qilinagandi.








