Daryo

Qashqadaryoda tayinlanganiga 2 oy bo‘lmasdan 500 dollar pora olgan maktab direktori 5 yilga qamaldi

U ish so‘rab kelgan talaba qizni fizika o‘qituvchisi qilib ishga olib kirishga va’da bergan. Pullarni olgach, tezkor xodimlarni ko‘rib, bedazorga qarab qochishga uringan.

2 daqiqa o‘qish40 610 ko‘rishlar1 izoh24

Qashqadaryoda ish so‘rab kelgan talabadan 500 dollar pora olgan maktab direktori 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.

Unga ko‘ra, 62 yoshli F.G. 2026-yil 26-fevral kuni Mirishkor tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan biriga direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. Shunday bo‘lsa-da, unga maktab xodimlarini ishga qabul qilish va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish vakolati berilgan.

22-aprel kuni Qarshi davlat universitetining fizika yo‘nalishida o‘qiyotgan 4-bosqich talabasi A.X. o‘qishni tugatish arafasida ish izlab, bir necha maktabga murojaat qilgan. U borgan maktablarda bo‘sh ish o‘rni topilmagach, F.G. rahbarlik qilayotgan maktabga borib ko‘rgan.

“Qayerga borsam ish yo‘qligini aytishib, rad javobini berishdi. Faqat F.G.gina ish borligini, fizika fani o‘qituvchisi sifatida ishga olishi mumkinligini aytdi. Buning evaziga 500 dollar so‘radi. Shunda o‘ylab ko‘rishim lozimligini va buncha pulim yo‘qligini aytganimda, u ‘qizim, qara, ko‘ngildan chiqarib beraver, men ishingni aniq hal qilib beraman’ deb va’da berdi”, deydi jabrlanuvchi o‘z ko‘rsatuvida.

Shundan so‘ng A.X. direktor bilan bo‘lgan suhbatni telefoniga yozib olib, holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

Bir kundan so‘ng A.X. direktorning shartlarga roziligini bildirgach, ishga qabul qilish haqida ariza yozgan. F.X. kelishilgan pulni olib kelgan-kelmaganini so‘ragan. Shunda qiz dollar topa olmaganini, biroq 6 million so‘m olib kelganini bildirgan.

Direktor pulni olib, uni kuzatib chiqayotganida bir kishi o‘zini departament xodimi deb tanishtirib, vaziyatga aniqlik kiritish uchun xizmat xonasiga qaytishni so‘ragan. Dastlab bunga rozi bo‘lgan, biroq keyin xodimni chalg‘itib, maktabning asosiy eshigiga qarab yugurgan. Olingan pullarni bedazor orasiga tashlagach, maktab devoridan oshib, qochishga uringan. Biroq 200 metrcha yugurgach, qoqilib yiqilgan va tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirishkor tumani sudi hukmi bilan F.G. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi (pora olish) “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Bundan tashqari 2 yil davomida davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot va muassasalarda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Avvalroq Surxondaryoda o‘rinbosaridan 2 mln so‘m pora olgan maktab direktori 4 yilga qamalgani xabar qilingandi.

Abubakr Odiljonov

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar