Indoneziyada yuz bergan 7,7 balli kuchli zilzila oqibatida halok boʻlganlar soni 51 kishiga yetdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Sharqiy Nusa-Tengara provinsiyasida 36 kishi ogʻir, 77 kishi esa yengil tan jarohati olgan. Asosiy silkinishdan soʻng 341 ga yaqin aftershoklar qayd etilgan. Tabiiy ofat oqibatida boshpanasiz va oziй-ovqatsiz qolgan 5 000 ga yaqin kishi evakuatsiya qilingan.
Sikka provinsiyasida 3 300 dan ortiq kishi oʻz ixtiyori bilan hududni tark etgan yoki sport majmuasidan boshpana topgan. Vazirlar Mahkamasi kotibi Teddi Indra Vijaya oʻz bayonotida hududga 3 500 dan ortiq harbiy va politsiya xodimlari safarbar etilganini maʼlum qildi.
Bedarak yoʻqolganlar soni hozircha aniq emas. Biroq ularning aksariyati vayronalar ostida qolib ketgani taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, 1 300 dan ortiq xonadonga zarar yetgan. “Pertamina” davlat energetika kompaniyasining xabar berishicha, elektr energiyasidagi uzilishlar sababli 20 ta yonilgʻi quyish shoxobchasi faoliyatini toʻxtatgan.
Sharqiy Nusa-Tengara hukumati provinsiyada favqulodda holat joriy etishni koʻrib chiqmoqda. Bu rasmiylarga barcha resurs va mablagʻlarni tezkor safarbar qilish imkonini beradi.
Indoneziya geofizika agentligining ta’kidlashicha, zilzila sodir bo‘lgan hudud 1992-yilda ham 7,5 magnitudali yer silkinishidan jiddiy talafot ko‘rgan. 290 million aholiga ega Indoneziya arxipelagi tektonik plitalar tutashadigan, tez-tez zilzilalar va vulqon otilishlariga sabab bo‘ladigan seysmik faol zona — “Tinch okeani olov halqasi”da joylashgan.
Dunyo boʻylab soʻnggi yirik zilzilalar
Ma’lumot o‘rnida, Kolumbiyada 10-avgust kuni 7,4 magnitudali zilzila qayd etildi. Yer silkinishlari oqibatida 250 dan ortiq odam halok boʻldi. Misrda 3-avgust kuni 5,6 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi. Silkinishlar Isroil, G‘azo sektori, Iordaniya va Livan aholisiga ham sezilgan.
Yaponiyada 28-iyul kuni 7,1 magnitudali kuchli zilzila yuz bergandi. Tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lganlar soni 38 kishiga yetgan. Bundan oldingi kuchli zilzila esa Venesuelada kuzatilgandi. 24-iyun kuni mamlakatda ketma-ket sodir bo‘lgan ikkita zilzila oqibatida 5200 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Zilzila magnitudalari 7 balldan yuqori bo‘lgan.








