Indoneziyaning Ternate shahri yaqinidagi Shimoliy Maluku dengizida 7,4 magnitudali kuchli zilzila yuz berdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Tabiiy ofat oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgan va hududda sunami xavfi e’lon qilingan. AQSH Geologiya xizmati zilzilani dastlab 7,8 magnituda deb baholab, u 35 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lganini ma’lum qilgan. Zilzila epitsentri Ternate shahridan taxminan 120 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Mahalliy hokimiyat Ternate va Tidore shaharlari aholisiga evakuatsiyaga tayyor turishni tavsiya qilgan. Shimoliy Sulavesi provinsiyasidagi Manado shahrida esa bino qulashi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan.
“Zilzila ayniqsa Manado atrofida kuchli sezildi Bir kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi oyog‘idan jarohat oldi. Qurbon qulagan bino vayronalari ostida qolgan”, dedi mahalliy qidiruv-qutqaruv xizmati rasmiysi Jorj Leo Mersi Rendang.
Dastlab epitsentrdan 1000 kilometr radiusdagi hududlarda, jumladan Indoneziya, Filippin va Malayziya sohillarida xavfli sunami to‘lqinlari kuzatilishi prognoz qilingan.
Zilziladan yarim soat o‘tib Sulavesi oroli shimolidagi Minahasa va Bitung hududlarida mos ravishda 75 sm va 20 sm gacha bo‘lgan to‘lqinlar qayd etilgan. Yer silkinishidan ikki soat o‘tib, sunami xavfi bekor qilingan.
Indoneziya yuqori seysmik faollikka ega hududda joylashgan bo‘lib, bu yerda tektonik plitalar tutashadi va zilzilalar tez-tez sodir bo‘ladi.








