Venesuelada 24-iyun kuni yuz bergan ikkita kuchli zilzilada halok boʻlganlar soni qariyb 3000 kishiga yetdi. Bu haqda France 24 xabar berdi.
Mamlakat parlamenti spikeri Xorxe Rodrigesning aytishicha, tabiiy ofat qurbonlari soni kamida 2954 kishini tashkil etgan, 16 592 dan ziyod kishi jarohatlangan. Zilziladan o‘n kun o‘tgan bo‘lsa-da, xalqaro qutqaruv guruhlari vayronalar ostidagi qidiruv ishlarini asta-sekin yakunlamoqda. O‘n minglab odam hamon bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tabiiy ofatlarda odamlarni qutqarish uchun dastlabki 72 soat hal qiluvchi palla hisoblanadi. Zilziladan keyingi dastlabki soatlarda, qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar, ko‘pchilik vayronalar ostidan o‘z yaqinlarini mustaqil ravishda qidirishga majbur bo‘lgan.
Venesuelada vayronkor “seysmik duplet”
24-iyun kuni poytaxt Karakas shahridan g‘arbda, atigi 38-39 soniya oralig‘ida 7,2 va 7,5 magnitudali ikkita zilzila sodir bo‘ldi. Bu mamlakatda oxirgi 125 yil ichida yuz bergan eng kuchli yer silkinishlaridir. Ularning ortidan o‘nlab aftershoklar qayd etilgan, oqibatda ko‘plab uylar qulab tushgan.
Tabiiy ofat xalqaro aeroport va mamlakatdagi eng yirik dengiz porti joylashgan La-Guayra shtatiga eng og'ir zarba berdi. Zilzila munosabati bilan mamlakat hukumati favqulodda holat va yetti kunlik motam e’lon qildi.
Avvalroq Venesuelada zilziladan uch kun oʻtib ayol va uning 18 kunlik chaqalogʻi qutqarilgandi. Tabiiy ofatdan olti kun oʻtgach esa uch yashar bola vayronalar ostidan tirik olib chiqilgan. Shuningdek, zilziladan 8 kun oʻtganida 44 yoshli erkak omon qolgan.








