Daryo

Venesuelada 7 balldan yuqori ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi (video)

Qurbonlar soni 100 minggacha yetishi mumkin. Mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingan.

1 daqiqa o‘qish8 828 ko‘rishlar0 izoh1

Venesuelada 24-iyun kuni kechqurun 7,2 va 7,5 magnitudali ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

AQSH Geologiya xizmati (USGS) ma’lumotlariga ko‘ra, ikkinchi zilzila birinchisidan bir daqiqadan kamroq vaqt o‘tgach sodir bo‘lgan. Qurbonlar soni 10 mingdan 100 minggacha yetishi mumkinligi prognoz qilinmoqda. Rasmiylar hozircha halok bo‘lganlar va jabrlanganlar sonini rasman ma’lum qilmagan.

Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges mamlakatda favqulodda holat e’lon qilgan. U zilzila tufayli Karakas xalqaro aeroporti yopilgani, metro va temir yo‘l qatnovi ham to‘xtatilganini aytgan. Shuningdek, aholini xotirjamlikni saqlashga va shikastlangan binolarni tark etishga chaqirgan.

“Karakasda ba’zi binolar qulab tushdi”, deya ma’lum qildi Venesuela ichki ishlar vaziri Diosdado Kabelo.

U qidiruv-qutqaruv ishlariga o‘t o‘chiruvchilar, politsiya va fuqarolik mudofaasi xizmatlari jalb etilganini aytdi.

Poytaxtdagi aksariyat aholi zilzila paytida uylarida bo‘lgan. Ko‘chaga yugurib chiqqan Karakas aholisining ko‘pchiligi 1967-yilda sodir bo‘lgan avvalgi vayronkor zilzilani yodga olgan. O‘shanda ham poytaxtda eng ko‘p zarar qayd etilgan. Shaharning Palos Grande va Altamira tumanlarida turar joy binolari qulab tushgan, jami 200 dan ortiq odam halok bo‘lgan.

Ichki ishlar vaziri 24-iyun kuni davlat televideniyesi efirida vayron bo‘lgan binolar haqida gapirganida aynan shu ikki tumanni tilga oldi. U zilzila Truxilyo, Yarakuy, Karabobo, Aragua, Miranda va La Gvayra shtatlarida ham sezilganini qo‘shimcha qildi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar