Daryo

“Hozir yangi universitet ochishga ehtiyoj yo‘q”. Oliy taʼlim vaziri xususiy oliygohlar, imtihonlar va qabul kvotalari haqida

Toshkentda oʻtayotgan xalqaro anjuman doirasida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov “Daryo” muxbirining savollariga javob berdi. Vazir nima uchun yangi xususiy oliygohlar ochishga ruxsat berilmayotgani, abituriyentlarning kirish imtihonlaridagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari hamda kasb-hunar ta’limining ahamiyati haqida gapirdi.

3 daqiqa o‘qish18 731 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekistonda mavjud oliygohlar sigʻimi barcha ehtiyojni toʻla qoplaydi. Bu haqda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov 14-avgust kuni Toshkentdagi xalqaro anjuman doirasida “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Oliy taʼlim xizmatlarini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan xalqaro anjumanda vazir oliy taʼlim sohasida raqobat kuchaygani, biroq so‘nggi yillarda xususiy universitetlarga litsenziya berish toʻxtatilgani haqidagi savolga javob berar ekan, bugungi kunda mavjud oliygohlar barcha ehtiyojni qoplashini ta’kidladi.

“Hozirda mavjud universitetlarimiz sigʻimi mehnat bozoridagi barcha ehtiyojni qoplashga yetarli. Mana, 56,7 balldan yuqori olganlar oliy taʼlimga kiryapti. Bugun 256 mingdan koʻproq talaba-yoshlarimiz bor. Bor universitetlarimizning sigʻimi buni taʼminlab bera oladi. Bugungi kunda yana universitet ochishga ehtiyoj yoʻq, deb hisoblayman. Chunki yangi ochilaversa, sifatsiz taʼlim beradigan universitetlar ko‘payib qolishi mumkin. Bizga universitetlar joy toʻlib boʻlgandan keyin, haligi 56,7 balldan past olgan yoshlarni majburlab oʻqitish uchun kerak emas”,  dedi vazir.

Foto: “Daryo”

Shuningdek, u mamlakatda kasbiy taʼlimga koʻproq urgʻu berish zarurligini, texnikumlar xalqaro darajadagi muassasalarga aylantirilayotganini qayd etdi.

Xususan, bu yil Oʻzbekistonda 100 ta texnikum shunday darajaga olib chiqilishi, bitiruvchilar nafaqat Oʻzbekistonda, balki xorijda ham yuqori maoshli ish topishi mumkinligini bildirdi.

“Ertaga bitirib chiqqandan keyin diplomi asosida nafaqat Oʻzbekistonda, balki dunyoning 70 dan ortiq davlatlarida ishlashi mumkin. Mana payvandchilarning hozirgi maoshi kamida 1,5 ming dollar. Xalqaro darajada esa ikki ming dollargacha. Santexniklarga ham juda yuqori maosh taklif qilishyapti. Elektriklarga yuqori maosh taklif etilmoqda. Bizda oliy maʼlumotlilardan ham koʻproq maosh oladigan kasblar bor.

Bu bir umr santexnik boʻlib qolasan, degani emas. Ikki yoki uch yildan keyin oliy taʼlimda oʻqiyman desa, suhbat asosida universitetga kirib taʼlimni ikkinchi bosqichdan davom ettirishi mumkin. Shuning uchun hozir uzluksiz taʼlim tizimi yaratilgan”, deya tushuntirdi Qo‘ngʻirotboy Sharipov.

Qo‘ng‘irotboy Sharipov mandat chiqishidan keyin ko‘pchilikda imtihondan yiqilish bilan bog‘liq xavotirlar boshlanishini aytib, joriy yilda birdaniga beshta universitetga kirish imkoniyati yaratilgani, yana bitta qoʻshish taklifi bo‘lganini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Vazir agar yoshlar shuncha imkoniyatdan foydalanib ham o‘qishga kira olmasa, albatta, kasbiy ta’limni tanlashi zarurligini va shu tariqa 1-2 yildan keyin o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’limga o‘tib ketsa bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Vazir abituriyentlarning imtihonlardagi minimal ballni yig‘a olmayotgani va imtihonlarni takomillashtirish masalasiga to‘xtalib, barcha maktab bitiruvchilari oliy maʼlumotli boʻlishi shart emasligini, butun dunyo mehnat bozorida ham asosiy ehtiyoj oʻrta maxsus taʼlim olgan kadrlarga toʻg‘ri kelishini ma’lum qildi.

“Biz minimal 56,7 ball olgan yoshlarimizni tahlil qilib koʻrdik. Bundan toʻrt yil oldin ularning ulushi 46 foiz boʻlgan ekan. Bugun 34 foiz. Past ball olish ulushi yildan-yilga kamaymoqda. Mana, bugun abituriyentlarning 74 foizi 56,7 dan yuqori ball olgan. Bu yaxshilikka, past ball oladigan yoshlarimiz soni qisqaryapti. Demak, maktabda ta’lim sifati yaxshilanyapti degan xulosa qilish mumkin”, dedi Oliy taʼlim vaziri.

Shu bilan birga, ertaga yoshlar ishsiz yurmasligi uchun bugun mehnat bozoriga mos kadrlar tayyorlash zarurligini ta’kidlab, bu yil davlat byudjetidan 36 mingta grant o‘rni va 200 mingga yaqin kontrakt o‘rinlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi ehtiyojidan kelib chiqib belgilanganini qo‘shimcha qildi.

Xususiy va davlat universitetlariga qo‘yiladigan talablar hamda teng sharoit yaratish masalasiga to‘xtalarkan, Qoʻngʻirotboy Sharipov raqobat deganda har bir oliy taʼlim muassasasi mutaxassisni kafolatli ish bilan taʼminlashi tushunilishini qayd etdi.

“Raqobat deganda har bir oliy taʼlim muassasasi bozorga mos kadr tayyorlab, ertaga mutaxassisni kafolatli ish bilan taʼminlashi kerak. Bizning oldimizda turgan eng katta mezon — bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanishi. U yaxshi oʻqityaptimi yoki yomonmi, bunga bahoni xalq yoki ish beruvchilar beradi”, deya xulosa qildi vazir.

Unga ko‘ra, bitiruvchilarning bandlik ko‘rsatkichi ma’lum foizdan past bo‘lgan oliygohlarni boshqa universitetlarga qoʻshib yuborish yoki yopish boʻyicha chora ko‘riladi.

Vazirga ko‘ra hozirda xususiy va davlat oliygohlariga qabul, yo‘nalishlar hamda baholash bo‘yicha talablar bir xil bo‘lishi ta’minlanmoqda.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar