Daryo

Toshkentda Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i jarimaga tortildi

Bunga Yakkasaroy tumanida tozalash xizmati xodimlari anomal issiq bo‘lishiga qaramasdan ishga jalb etilgani, ularga qulay mehnat sharoitlari yaratib berilmagani sabab bo‘ldi.

1 daqiqa o‘qish7 774 ko‘rishlar0 izoh7

Toshkentda tozalash xizmati xodimlari anomal issiq bo‘lishiga qaramasdan ishga jalb etilgani ortidan Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i jazolandi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berdi.

18-iyul kuni Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasida tozalash xizmati xodimlari havo harorati yuqori bo‘lishiga qaramasdan ishga jalb etilgani haqida video tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Mazkur holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganildi. Uning yakunida Yakkasaroy tumani Obodonlashtirish boshqarmasida mehnatni muhofaza qilish talablari buzilgani aniqlandi.

Xususan, o‘rganish jarayonida obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan xodimlarga belgilangan tartibda qulay mehnat sharoitlari yaratib berilmagani ma’lum bo‘ldi. Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasi (mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 1-qismi asosida ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llandi.

Ushbu moddada mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (2 mln 60 ming so‘mdan 4 mln 120 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan. Inspeksiya xabarida Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i qancha miqdorda jarimaga tortilganiga aniqlik kiritilmagan.

19-iyulda Davlat mehnat inspeksiyasi O‘zbekistondagi barcha hokimliklarga anomal issiq havoda ishlayotganlarga xavfsiz sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi. Bunday issiq havoda ochiq hududlarda hashar va jamoaviy ishlarni tashkil etmaslik so‘ralgandi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar