O‘zbekistonda anomal issiq kunlarda yopilgan bog‘cha xodimlariga ish haqi to‘liq to‘lab beriladi. Xalq ta’limi info’ning ma’lum qilishicha, bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tegishli ko‘rsatma bergan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar hamda viloyatlar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalariga yuborilgan ko‘rsatmaga ko‘ra, anomal issiq ob-havo sharoiti tufayli bekor turib qolingan vaqtga mutanosib ravishda xodimlarga ish haqi to‘liq to‘lanadi. Bolaning bog‘chaga kelmagan kunlari uchun ota-ona to‘lovi undirilmaydi.
“Agar ota-ona to‘lovi amalga oshirilgan bo‘lsa, bola kelmagan kunlar uchun to‘lov miqdori keyingi oydagi to‘lov summasidan kamaytirgan holda undirilishini nazoratga olishingiz so‘raladi”, deyiladi xatda.
Bolalarning elektron davomat maʼlumotlari ota-onalar to‘lovlarini hamda qonunchilikda belgilangan boshqa hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun yagona asos hisoblanadi.
Anomal issiq tufayli Qoraqalpog‘istondagi ayrim bog‘chalar 17–18-iyulgacha, Xorazmdagi barcha davlat bog‘chalari 14–17-iyulgacha yopildi. Navoiy viloyatida ham ayrim davlat bog‘chalari anomal issiq sabab 4 kunga yopildi. Buxoro viloyatidagi barcha bog‘chalar faoliyati 15-iyuldan 20-iyulgacha to‘xtatildi. Farg‘ona viloyatidagi barcha davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 16–17-iyul kunlari ishlamadi. Toshkent viloyatidagi barcha bog‘chalar ob-havo me’yoriy holatga kelguncha 16-iyuldan yopildi.
O‘zbekistonda 21-iyuldan boshlab mamlakatning barcha hududlari bo‘yicha issiq chekina boshladi.








