Boltiq dengizi sohillarida anomal issiq oqibatida zaharli ko‘k-yashil suv o‘tlari keng tarqaldi. Shu sababli sog‘liqni saqlash vakillari odamlarni ayrim plyajlarda cho‘milmaslik haqida ogohlantirdi. Bu suv o‘tlari terida qichishish va oshqozonda muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Quyosh nurining ko‘pligi va suvning isishi o‘tlarning ko‘payishiga qulay sharoit yaratmoqda. Rostok shahri hokimiyati Boltiq dengizining ayrim plyajlarida cho‘milish xavfli ekanidan ogohlantirmoqda. Rostok shahri Yong‘in xavfsizligi, qutqaruv xizmati va falokatlarni boshqarish boshqarmasi 15-avgust kuni suvo‘tlari zahar ishlab chiqaruvchi sianobakteriyalar ekanini tasdiqladi.
Ta’kidlanishicha, ko‘k-yashil suv o‘tlari teriga tegsa, shish, qichishish yoki allergik reaksiya chaqirishi mumkin. Og‘ir holatlarda u ko‘ngil aynishi va oshqozon-ichak muammolariga olib keladi. Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ayniqsa bolalar va itlar uchun ehtiyotkor bo‘lishni so‘ramoqda. Itlarga bu suvdan ichirish mumkin emas.
Cho‘milishga to‘liq taqiq qo‘yilgani yo‘q. Ogohlantirish Varnemyunde sohilidagi 30-hududdan 36-hududgacha bo‘lgan qismga tegishli. Lekin Rostok shahri rasmiylari suv o‘tlarining tarqalishini aniq taxmin qilib bo‘lmasligini aytmoqda. Chunki bu shamol va ob-havoga bog‘liq. Shu sababli sohilning katta qismi xavf ostida qolishi mumkin.
Bu o‘zi qanday suvo‘tlari?
Aniqroq aytganda, ko‘k-yashil suv o‘tlari uzun yashil o‘simlik emas, balki bakteriyalardir. Ular ko‘pincha suvda suzib yuradi va suv betida ko‘k-yashil shilimshiq qatlam hosil qiladi. Rostok shahri rasmiylari o‘z bayonotida issiq, quyoshli ob-havo va ozuqaga boy suvda ular tez ko‘payishini tushuntirdi. Shamol va oqimlar bu to‘plamlarni qisqa vaqt ichida boshqa joyga surib ketishi mumkin.
Varnemyundedagi Leybnits Baltika dengizini tadqiq qilish instituti ma’lumotiga ko‘ra, bu suv o‘tlari salomatlik uchun xavfli zahar ishlab chiqaradi. Odatda, bu zahar kam miqdorda bo‘lsa, sog‘lom odamga zarar yetkazmaydi. Qolaversa, barcha ko‘k-yashil suv o‘tlari ham zahar ishlab chiqaravermaydi.
Biroq tez shakllanadigan bu qatlamlarda zahar miqdori oshib ketishi mumkin. Bu inson terisini qichishtiradi, suv yutib yuborilsa, ko‘ngil aynishi va qusishni keltirib chiqaradi. Leybnits institutining ta’kidlashicha, zararlangan suvni ichgan hayvonlar, masalan, qoramollar, itlar va o‘rdaklar o‘rtasida ilgari o‘lim holatlari ko‘p kuzatilgan. Avvalroq polshalik erkak 55 soat to‘xtatmasdan Boltiq dengizini suzib o‘tgani haqida xabar berilgandi.








