Daryo

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati jamoatchiligi vakillari bilan uchrashdi

Viloyatni poytaxt bilan bog‘lovchi jamoat transporti yo‘nalishlari kengaytirilishi hamda Toshkent—Nurafshon yo‘nalishida zamonaviy poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

2 daqiqa o‘qish5 793 ko‘rishlar0 izoh2

Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Nurafshon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Toshkent viloyati jamoatchiligi vakillari bilan uchrashdi. Unda nuroniylar, yoshlar va faollar ishtirok etdi.

Davlat rahbari so‘nggi yillarda Toshkent viloyatining yangi ma’muriy markazi sifatida Nurafshon shahri barpo etilgani, bu yerda zamonaviy ma’muriy, ijtimoiy va madaniy infratuzilma yaratilganini ta’kidladi. Shaharda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, “Vatanparvar bog‘i”, Zulfiya Zokirovaga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi, xiyobonlar, sun’iy ko‘l, amfiteatr, favvoralar, velosiped va piyodalar yo‘laklari bunyod etilgani qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning aytishicha, Nurafshon mamlakatdagi “aqlli shahar” modeli asosida barpo etilayotgan ilk shahar bo‘lib, unda raqamli boshqaruv, intellektual transport, energiya tejamkor texnologiyalar va ekologik infratuzilma yagona tizim asosida rivojlantirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Nurafshonni ilm-fan, yuqori texnologiyalar va yoshlar shahriga aylantirish asosiy maqsad ekanini ma’lum qildi. Shu maqsadda bu yerda ming o‘rinli madaniyat saroyi, Badiiy akademiyaning viloyat bo‘limi, Sun’iy intellekt markazi, axborot-resurs kutubxonasi va kasblar markazini o‘z ichiga olgan “Yoshlar shaharchasi” barpo etilmoqda. Shuningdek, 35 gektar maydonda Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Ushbu majmuada ilmiy-tadqiqot markazlari va yuqori texnologik laboratoriyalar faoliyat yuritishi rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda “Nurafshon biznes siti” loyihasi doirasida ma’muriy, biznes, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va turar joy hududlari kompleks rivojlantirilayotgani ham qayd etildi. Jumladan, 700 o‘rinli ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida telemeditsina va robototexnika yordamida 60 dan ortiq yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan. Shuningdek, Sharq bozori, hunarmandchilik ko‘chalari, milliy pavilyonlar, amfiteatr va zamonaviy dam olish maskanlarini qamrab olgan turistik-madaniy majmua barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Toshkent viloyati mamlakat iqtisodiyotining yirik tayanch hududlaridan biri ekanini ta’kidladi. Hozirda respublika yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizi viloyat hissasiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi besh yilda hududga 16 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilgan, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni qariyb 3 mingtaga yetgan, eksport hajmi esa 3 milliard dollarga yaqinlashgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, Toshkent viloyatini poytaxt bilan yagona iqtisodiy va transport makoni sifatida rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar ham ma’lum qilindi. Xususan, Toshkent bilan bog‘lovchi jamoat transporti yo‘nalishlari kengaytirilishi hamda Toshkent—Nurafshon yo‘nalishida zamonaviy poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv madaniy dastur bilan davom etdi. Shundan so‘ng prezidentning Nurafshonga tashrifi yakunlanib, davlat rahbari Toshkentga qaytdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar