Shavkat Mirziyoyev 25-fevral kuni “O‘zbekiston temiryo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarda yuk vagonlarini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, 2023—2025-yillarda qiymati 105 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida 1 590 dona yarim ochiq yuk vagoni ishlab chiqarildi. Bu ichki va xalqaro tashuvlarda yuk aylanmasini oshirish, logistika zanjirlarining barqarorligini taʼminlash imkonini beradi.
Shuningdek, 2025—2026-yillarga mo‘ljallangan 150 million dollarlik yangi bosqichda yuk va yo‘lovchi vagonlarini qurish, shu bilan birga, “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ tarkibidagi vagon ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida 954 dona yuk va 70 dona yo‘lovchi vagonining qurilishi boshlangan.
Bugungi kunga qadar ushbu loyiha doirasida 45 dona yo‘lovchi vagoni va 340 dona sisterna ishlab chiqarildi. Joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha ravishda 614 dona yuk va 25 dona yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqariladi.
Kelgusi yillarda yuk vagonlarini ishlab chiqarish hajmlarini keskin oshirish uchun yaqinda prezident alohida qarorni imzolagandi. Hujjatga muvofiq, qo‘shimcha 100 million dollar mablag‘ ajratilib, 1 350 dona yuk vagoni yetkazib beriladi. Buning uchun shu yilning o‘zida sanoat korxonalari quvvatlarini 1,5 barobarga oshirish va ikki mingta yuk vagonlarini ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi.
Davlat rahbari vagon parkini yangilash, tashish hajmlarni oshirish hamda xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.








