Fitosanitariya talablarini eng ko‘p buzgan O‘zbekistonning 5 ta eksportchisiga Rossiya hududiga mahsulot olib kirish 23-iyuldan boshlab cheklanadi. Bu haqda “Rosselxoznadzor” matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu korxonalardan olib kelayotgan asosiy mahsulotlar oq boshli va gulkaram, piyoz, ukrop, petrushka, uzum, lavlagi, pomidor va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tashkil etadi.
“Qaror O‘zbekistondan Rossiyaga olib kirilayotgan karantin nazoratidagi mahsulotlarda karantin obyektlarini aniqlash holatlari ko‘paygani, shuningdek, Rossiya hududida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va xavfli organizmlar tarqalishining oldini olish maqsadida qabul qilindi” deyiladi “Rosselxoznadzor” xabarida.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil boshidan buyon O‘zbekistondan yetkazib berilayotganda 132 ta karantin obyektlari, jumladan, pomidorning jigarrang bujmayish virusli (Tomato brown rugose fruit virus), Janubiy Amerika pomidor kuyasi (Tuta absoluta), g‘arbiy gul tripsi (Frankliniella occidentalis Pergande) va lavlagi tomirlarining nekrotik sarg‘ayish virusi (Beet necrotic yellow vein benyvirus) aniqlangan.
Xabarida cheklovlar joriy etilayotgan eksportchilar nomi keltirilmagan.
Rossiya 30-maydan boshlab O‘zbekistondagi ayrim firmalardan meva va sabzavot eksportini cheklamoqchi bo‘lgandi. Ammo “Rosselxoznadzor” keyinchalik bu ma’lumotni saytidan o‘chirib tashladi.








