Rossiya 2-apreldan boshlab iyul oyi oxirigacha benzin eksport qilishni taqiqladi. Bu haqda hukumat saytida ma’lum qilindi.
Hukumatga ko‘ra, bu chora ichki bozorni barqarorlashtirishga qaratilgan. Chunki qishloq xo‘jaligi ekinlari ekiladigan davrda yonilg‘iga talab an’anaviy ravishda yuqori bo‘ladi. Hukumat jahon neft narxlari oshganini ham sabab sifatida koʻrsatmoqda.
Moskva avval ham benzin va dizel yonilg‘isi eksportiga cheklovlar joriy etgan. Bu ichki bozorda narxlar oshib ketishini jilovlash va yonilg‘i tanqisligini oldini olishga qaratilgan. 2025-yilda Rossiyaning bir qator hududlarida, shuningdek, u bosib olgan Ukraina hududlarida yonilg‘i tanqisligi kuzatildi. Bunga Ukraina armiyasining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari va talabning mavsumiy o‘sishi sabab bo‘ldi.
Hozirgi taqiq Rossiya bilan yonilg‘i yetkazib berish bo‘yicha hukumatlararo shartnomalar imzolagan davlatlarga, masalan, Mo‘g‘ulistonga nisbatan qo‘llanmaydi. 2025-yili Rossiya qariyb 5 million tonna benzin eksport qilgan.








