Rossiyaning neft eksporti joriy yil may oyida sutkasiga o‘rtacha 3,46 million barrelni tashkil etdi. Bu 2022-yildan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Moskva jahon bozoriga neft yetkazib berish hajmini faol ravishda oshirmoqda.
Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan buyon Rossiya sutkasiga o‘rtacha 3,46 million barrel neft eksport qilgan. Bu 2025-yilgi ko‘rsatkichdan qariyb 120 ming barrelga ko‘p bo‘lib, Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan 2022-yildan keyingi barcha yillik o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqori.
Agentlik tankerlar harakati haqidagi ma’lumotlarga tayanib, 31-maygacha bo‘lgan to‘rt hafta davomida xom neft yetkazib berish hajmi sutkasiga o‘rtacha 3,64 million barrelni tashkil etganini qayd etdi.
Eron bilan bog‘liq urush va Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat tufayli jahon neft narxlari oshgan. Natijada Rossiya eksportining qiymati 2022-yil fevralidan beri kuzatilgan eng yuqori darajadan biriga yetgan.
Nashrning yozishicha, so‘nggi to‘rt hafta ichida Rossiyaning kunlik neft eksporti birinchi chorakdagi ko‘rsatkichlardan qariyb 300 ming barrelga yuqori bo‘lgan.
Shuningdek, dengizda tashilayotgan Rossiya nefti hajmi 124 million barrelga yetgan. Bu aprel oyi o‘rtalaridagi eng past ko‘rsatkichdan taxminan 25 foiz ko‘pdir.
Tankerlarni kuzatish ma’lumotlari ushbu neftning deyarli barchasi xaridorlarga yetkazib berish jarayonida ekanini, ya’ni dengizda bekor turmaganini ko‘rsatmoqda.
Fransiya 31-may kuni Atlantika okeanida sanksiyaga tushgan Rossiya neft tankerini qo‘lga olgan edi. Kreml ushbu “noqonuniy” musodarani “xalqaro qaroqchilikka yaqin harakat” deb baholagandi.








