Daryo

Rossiya cheklov qo‘ygan O‘zbekistonning beshta eksportchi korxonasini tekshirish boshlandi

Ular Xorazm, Surxondaryo, Navoiy, Buxoro viloyatlarida joylashgan korxonalar bo‘lgan. O‘rganishlar davomida milliy qonunchilik hamda xalqaro fitosanitariya talablari asosida tegishli huquqiy va tashkiliy choralar ko‘riladi.

1 daqiqa o‘qish18 740 ko‘rishlar0 izoh4

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi 4 ta viloyatda joylashgan 5 ta korxona fitosanitar qoidalarni muntazam buzganini ma’lum qildi. 

“Rosselxoznadzor” fitosanitariya talablarini eng ko‘p buzgan O‘zbekistonning 5 ta eksportchisiga Rossiya hududiga mahsulot olib kirishni 23-iyuldan boshlab cheklagandi. Qo‘mita matbuot xizmatining xabar berishicha, Rossiya tomoni mazkur cheklovlar yuzasidan rasmiy ma’lumot taqdim etdi.

22-iyulda hamkor davlat tomoni ayrim eksportchilarga nisbatan joriy etilayotgan cheklov sabablari, cheklovlar qo‘llanilayotgan korxonalarning nomlari, aniqlangan fitosanitar kamchiliklar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan rasmiy xat bilan murojaat yo‘llashi ma’lum qilingandi.

Unga ko‘ra, fitosanitariya talablarini muntazam buzish holatlari qayd etilgan eksportchi korxonalarning

  • 1 tasi Xorazm viloyati Yangibozor tumanida ( 15 ta holat);
  • 1 tasi Surxondaryo viloyati Uzun tumanida (11 ta holat);
  • 2 tasi Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida (15 ta holat);
  • 1 tasi Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida (7 ta holat) joylashgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi taqdim etilgan rasmiy ma’lumotnomalar va e’tiroznomalarni har bir korxona kesimida o‘rganishni boshladi.

O‘rganishlar davomida:
  • mahsulot yetishtirish, saqlash, saralash va eksportga tayyorlash jarayonlari o‘rganiladi;
  • fitosanitariya nazorati va kuzatuvchanlik (traceability) tizimining amaldagi holati tekshiriladi;
  • milliy qonunchilik hamda xalqaro fitosanitariya talablari asosida tegishli huquqiy va tashkiliy choralar ko‘riladi.

Shuningdek, “Rosselxoznadzor” bilan ishchi muloqotlar davom ettirilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, fitosanitariya xavflarini kamaytirish va cheklovlarni qisqa muddatda bekor qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib boriladi.

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi mazkur cheklovlar faqat Rossiya tomonidan fitosanitariya talablari buzilgani qayd etilgan ushbu 5 ta eksportchi korxonaga nisbatan qo‘llanilayotganini, belgilangan fitosanitariya talablariga to‘liq rioya qilgan holda eksport faoliyatini amalga oshirayotgan boshqa mahalliy eksportchilar uchun hech qanday cheklov joriy etilmagani va eksport jarayonlari belgilangan tartibda davom etayotganini bildirdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar