Jahon chempionati hal qiluvchi pallaga kirdi. 19-iyul, yakshanba kungi final 39 yoshli Lionel Messi uchun xalqaro faoliyatidagi so‘nggi uchrashuv bo‘lishi ehtimoli yuqori. Eng qizig‘i, afsonaviy hujumchi ushbu xayrlashuv uchrashuvini bir paytlar uning taqdirini butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan jamoaga — Ispaniyaga qarshi o‘tkazadi.
Ispaniya terma jamoasida o‘ynash imkoniyati
2005-yil boshida Kolumbiyada o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Janubiy Amerika chempionatida 17 yoshli, hammadan bo‘yi past, lekin to‘p bilan yaxshi harakat qiladigan yigitcha porlab chiqqandi. O‘sha paytda u ko‘pchilikka noma’lum edi. 13 yoshida Ispaniyaga ko‘chib o‘tgan Messi “Barselona”da o‘ynardi va Ispaniya uni o‘z milliy jamoasiga jalb qilishga qattiq urinayotgan edi.
Ammo Argentina tezroq harakat qilib, turnir qahramonini ilib ketdi. Messi o‘z vatani safida 2005-yilning avgustida Vengriyaga qarshi bahsda debyut qildi (va g‘alati tasodif tufayli birinchi daqiqadayoq qizil kartochka oldi). O‘sha yillari Ispaniya ketma-ket yirik turnirlarda (Yevro-2008, JCH-2010, Yevro-2012) zafar quchayotgan, Argentina esa inqirozni boshidan kechirayotgan davrlar edi. Shu sababli, bir muddat Messi o‘z tanlovi uchun keskin tanqidlarga ham uchragan.
O‘sha mash’um stadion va Messining qaytishi
Roppa-rosa 10 yil oldin, JCH-2026 finali o‘tkaziladigan xuddi shu Nyu-Jersidagi stadionda Messi Amerika Kubogi finalida Chilidan mag‘lubiyatga uchragan va ko‘z yoshlari bilan terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan edi.
Keyinchalik, u bu qaroridan qaytdi. O‘tgan besh yil ichida Argentina uzoq yillik omadsizliklarga chek qo‘yib, ikkita Amerika Kubogi va JCH-2022 bosh sovrinini qo‘lga kiritdi. Endi esa Leo o‘zi uchun o‘ta og‘ir xotiralarga ega bo‘lgan stadionda karyerasini yakunlashi mumkin.
Ustoz va shogird jangi
Final nafaqat futbolchilar, balki murabbiylar o‘rtasidagi o‘ziga xos to‘qnashuv hamdir. Qariyb 10 yil avval Argentina ustozi Lionel Skaloni Ispaniyada murabbiylik kurslarida tahsil olayotganida, uning o‘qituvchilaridan biri aynan amaldagi Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente bo‘lgan.
Yana bir qiziq fakt: musobaqa boshida De la Fuentedan Ispaniya safida qaysi xorijlik futbolchini ko‘rishni istashi so‘ralganda, u ikkilanmasdan “Xulian Alvares” deb javob bergan. Endi esa u aynan Alvares va Messining birgalikdagi hujumlarini to‘xtatish haqida bosh qotirishi kerak. Angliya termasi ustozi Tomas Tuxel kabi butun jamoa bilan himoyaga yotib olish — Ispaniyaga xos uslub emas. Ispanlar xuddi yarimfinalda fransuzlarni to‘psiz qoldirganidek, to‘p nazorati orqali Messini ham yopishga urinib ko‘rishadi. Bu esa haqiqiy taktik jangga aylanadi.
Amalga oshmagan “Finalissima” o‘rniga eng katta mukofot
Aslida, bu ikki jamoa mart oyida “Finalissima” (Yevropa va Janubiy Amerika chempionlari o‘rtasidagi kubok) doirasida to‘qnash kelishi kerak edi. Ammo xalqaro taqvimdagi tig‘izlik va Yaqin Sharqdagi siyosiy vaziyat sabab mart oyida Dohada o‘tishi belgilangan o‘yin bekor qilingandi. O‘shanda Ispaniya muqobil variant sifatida Yevropa shaharlarini, Argentina esa Buenos-Ayresni taklif qildi, ammo yakunda kelishuvga erishilmadi. Endi esa kelishishning keragi yo‘q. Ikki qit’a chempionlari baribir to‘qnash kelmoqda, faqat bu safar o‘rtaga futbol olamidagi eng oliy va nufuzli maqom tikilgan.








