Daryo

JCH-2026 g‘oliblari tarixda ilk bor chempionlik uzuklari bilan taqdirlanadi

Uzukning bir tomonida Jahon chempionati kubogi tasvirlanadi, ikkinchi tomoni esa g‘olib jamoaning ramzlariga moslashtirilgan holda maxsus dizaynda ishlanadi.

1 daqiqa o‘qish5 720 ko‘rishlar0 izoh1

2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida g‘alaba qozongan terma jamoa futbolchilari va murabbiylar shtabi tarixda ilk bor chempionlik uzuklariga ega bo‘ladi. Bu haqda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rasmiy saytida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, uzukning bir tomonida Jahon chempionati kubogi tasvirlanadi, ikkinchi tomoni esa g‘olib jamoaning ramzlariga moslashtirilgan holda maxsus dizaynda ishlanadi. Chempionlik uzuklari jami 2026 dona cheklangan nusxada ishlab chiqarilib, ularning 30 tasi bevosita turnir g‘oliblariga taqdim etiladi. Qolgan 1996 ta uzuk esa musobaqaning rasmiy litsenziyalangan mahsuloti sifatida butun dunyo bo‘ylab muxlislar uchun sotuvga chiqariladi.

Har bir uzuk o‘ziga xos individual raqamga ega bo‘lib, egasining barmog‘iga moslashtiriladi va maxsus haqiqiylik sertifikati bilan birga yetkazib beriladi. Final uchrashuvi yakunlanishi bilanoq, g‘olib jamoa sardori va bosh murabbiyiga ushbu tarixiy voqea xotirasi sifatida ramziy uzuklar topshiriladi. G‘oliblarga atalgan 30 ta uzukning har biri keyinchalik shaxsiylashtirilib, rasmiy ravishda o‘z egalariga taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, JCH—2026 finalida Ispaniya va Argentina terma jamoalari o‘zaro bahs olib boradi. Nyu-Yorkda o‘tadigan hal qiluvchi uchrashuv 19-iyuldan 20-iyulga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.

Ma’lumot o‘rnida, Argentina uch karra jahon chempioni hisoblanadi (1978, 1986, 2022). Amaldagi chempionlarning yana finalga yo‘l olishi tarixda oltinchi marta kuzatilmoqda. Shu paytgacha faqat Italiya (1934, 1938) va Braziliya (1958, 1962) terma jamoalarigina o‘z unvonini himoya qila olgan, xolos. Ispaniya terma jamoasi esa o‘z tarixida ikkinchi marta mundial finalida maydonga tushadi (jamoa 2010-yilda chempionlikni qo‘lga kiritgan edi).

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar