Daryo

Jizzaxda 100 ming so‘m pora olgan PPX inspektori 20,6 mln so‘m jarimaga tortildi

Bundan tashqari, u 2 yil muddatga ichki ishlar organlarida mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan.

1 daqiqa o‘qish13 873 ko‘rishlar0 izoh15

Jizzax viloyati Forish tumanida haydovchidan 100 ming so‘m pora olgan patrul-post xizmati inspektori jarimaga tortildi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2005-yilda tug‘ilgan B.X. 2025-yil 21-aprelda Jizzax viloyati IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasining patrul-post xizmati batalyoni 2-otryadi patrul-post xizmati inspektori lavozimiga ishga qabul qilingan. 13-dekabr kuni soat 19:00 lar atrofida Jizzax shahridagi o‘ziga biriktirilgan “Eski shahar buyum bozori” hududi oldida xizmat olib borayotgan vaqtida Jizzax—Paxtakor yo‘nalishida qatnovchi Changan rusumli mikroavtobus to‘xtash taqiqlangan joyda to‘xtaganini ko‘rib, haydovchining hujjatlarini tekshirgan.

Shunda B.X. yo‘l belgisi talabini buzgani uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilishi, transport vositasi evakuator orqali jarima maydonchasiga olib ketilishi va buning natijasida 1 mln so‘mdan ortiq jarima hamda qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelishini bildirgan. Haydovchi esa avtomobilni kreditga olgani, oila tebratishini bildirib, bir safar kechirishni so‘ragan. Inspektor buning uchun undan dastlab 1 million so‘m so‘ragan, biroq keyinchalik 100 ming so‘mga kelishgan. Shundan so‘ng haydovchi inspektor yuborgan bank kartasiga so‘ralgan mablag‘ni o‘tkazib bergan.

Haydovchi shu kunning o‘zida holat yuzasidan ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilgan. Uning murojaatiga asosan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib B.X. ishdan bo‘shatilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Forish tumani sudi hukmi bilan B.X. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi (pora olish) bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, ya’ni 20,6 million so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan. Bundan tashqari, 2 yil muddatga muayyan huquqdan, ya’ni ichki ishlar organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Avvalroq Navoiy viloyatida haydovchidan olingan 400 ming so‘m evaziga qoidabuzarlikni rasmiylashtirmaslikka uringan yo‘l-patrul xizmati inspektorining 3 yil muddatga ozodligi cheklangani xabar qilingandi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar