Daryo

Ichki ishlar tuzilmalari bir-birining vazifasini bajarish vakolatiga ega bo‘ladi

Hozirda YPX, PPX va qo‘riqlash xizmatlari alohida ishlayotgani sabab xodimlar o‘z vazifasiga kirmaydigan vaziyatlarga aralashmayapti. Prezident ilg‘or xorijiy tajribada ushbu tuzilmalar yagona organizm sifatida faoliyat yuritishini ta’kidladi. Bu yondashuv har bir holatga tezkor javob berish va aholi ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

1 daqiqa o‘qish4 230 ko‘rishlar0 izoh1

Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 27-yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda huquq-tartibot tizimini tubdan yangilash masalalari muhokama qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari sohada ham yangi tarixni boshlab beradigan qarorlar qabul qilish vaqti kelganini ta’kidladi. Hozirda ichki ishlar tizimidagi patrul-post, yo‘l-patrul, profilaktika, tezkor-qidiruv va qo‘riqlash xizmatlari alohida-alohida faoliyat yuritmoqda.

Natijada chorrahada turgan yo‘l-patrul xodimi janjallashayotgan fuqarolarga aralashmaydi, qo‘riqlash xizmati xodimi esa binodan tashqarida qoidabuzarlik bilan qoldirilgan avtomobilni o‘z vakolatiga kiritmaydi. Ba’zi holatlarda patrul-post xodimlari ishlamayotgan svetoforli chorrahalardan befarq o‘tib ketayotgani misol qilib keltirildi.

Prezident ilg‘or xorijiy tajribada bu tuzilmalar yagona organizm sifatida ishlashini ta’kidladi. Uning aytishicha, bunday tizimda politsiya “bu mening vazifamga kiradi yoki kirmaydi” degan yondashuvdan yiroq bo‘ladi. Har bir holatga tezkor va mas’uliyat bilan munosabat bildirilgani sababli aholi huquq-tartibot xodimlarini o‘zining haqiqiy himoyachisi sifatida qabul qiladi.

Yig‘ilishda mutasaddilarga ichki ishlar organlarining aholi bilan bevosita ishlovchi, jamoat xavfsizligi va jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi tuzilmalarini yangi tizimga o‘tkazish bo‘yicha farmon loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Ushbu bo‘linmalar uchun xizmatni o‘tash tartibi, muomala madaniyati, tezkor harakatlanish hamda kuch va qurol ishlatish bo‘yicha yagona standartlar joriy etilib, ular to‘liq servis yo‘nalishidagi tuzilmalarga aylantirilishi belgilandi.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar