Jinoyat ishlari bo‘yicha Narpay tuman sudida 2 yoshli bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan er-xotinga sud hukmi o‘qildi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2006-yilda tug‘ilgan D.I. 2025-yilning dekabr oyida o‘zidan uch yosh katta R.A. bilan Samarqand shahridagi tungi klublardan birida tanishgan. D.I. oila a’zolariga R.A.ga uylanishini aytganida avvalgi turmushidan farzandi borligini bilganliklari uchun ularning munosabatlariga qarshi bo‘lishgan. Shundan so‘ng juftlik shar’iy nikoh asosida oila qurib, shahardagi xonadonlardan birini ijaraga olib, yashay boshlagan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, R.A. farzandi avvalgi turmushidan 2023-yilda tug‘ilgani, ajrashgach, uni onasining qaramog‘ida qoldirib, Samarqand shahriga ishlash uchun kelganini aytgan. Uning bildirishicha, onasi betob bo‘lib qolganidan keyin farzandini ijaraga uyga olib kelishga majbur bo‘lgan.
“Farzandimni olib kelsam, bizga og‘irligi tushmasligini, uni o‘z o‘g‘lidek ko‘rib, tarbiyalashga yordam berishini aytgandi”, deydi R.A.
Shundan keyin bolani olib kelib, 31-yanvardan 15-fevralga qadar unga nisbatan muntazam zo‘ravonlik qilishgan. Uni qo‘l va oyog‘i, shuningdek, telefon quvvatlagichining simi bilan urib, ayrim hollarda bolaning bosh qismiga tepishib, og‘ir tan jarohati yetkazishgan.
Ijara uyi egasining suddagi ko‘rsatuviga ko‘ra, dastlab bolaning tanasida hech qanday jarohat bo‘lmagan. Oradan bir necha kun o‘tib esa uning ko‘z atroflari ko‘karib, ahvoli og‘irlashganini ko‘rgan. Shuningdek, er-xotin ba’zan kichik yoshli bolani tungi vaqtlarda xonada yolg‘iz qoldirib ketishgan, bolaning yig‘lagan ovozini eshitgan paytlari unga o‘zi ovqat berib, qarab turganini ma’lum qilgan.
2026-yilning 15-fevral kuni bolaning ahvoli keskin yomonlashib, ko‘ngli aynib qayt qilishni boshlagan. Shundan so‘ng u shifoxonaga olib borilgan. Biroq shifokorlar ko‘rsatgan muolajalarga qaramasdan, jabrlanuvchi 18-fevral kuni vafot etgan.
D.I. ham sudda dastlab bolaga qarab turishga rozi bo‘lganini aytib, onasi ishga ketgan vaqtlarda bolaga o‘zi qaraganini, bola yig‘lab, injiqlik qilgani uchun uni bir necha marta urganini tan olgan.
“Onasi ishga ketganda yig‘lab, tinchimas edi. Uni tarbiyalash maqsadida qo‘lim bilan urganman. Bir marta telefon quvvatlagichining simi bilan ham urganman”, deydi D.I.
R.A. bola telefonda ko‘p vaqt o‘tkazgani, keyin telefon so‘rab yig‘lagani va gapga kirmagani uchun bir necha marta uning qo‘li va yuziga shapaloq tushirganini bildirgan.
“Telefonda ko‘p o‘tirishi zararli deb o‘ylab, telefon bermay qo‘ygandim. Shunda yig‘lab, injiqlik qilardi. Jahlim chiqib, ikki-uch marta qo‘li va yuziga urganman”, deya ko‘rsatma bergan ayol.
Sud-tibbiy ekspertizasiga ko‘ra, bolaning o‘limi bosh miyaning lat yeyishi, ensa suyagining sinishi va bosh miya pardalari ostiga qon quyilishi oqibatida yuz bergan. Ekspertizada uning tanasida turli vaqtlarda yetkazilgan ko‘plab jarohatlar mavjudligi ham aniqlangan.
Sudlanuvchilar aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan. D.I. hali yoshligi, farzand tarbiyalash tajribasiga ega bo‘lmagani va harakatlari bunday og‘ir oqibatga olib kelishini bilmaganini aytib, yengillik so‘ragan.
Sud hukmi bilan Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi 8-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. D.I.ga nisbatan 11 yilga, R.A.ga nisbatan esa 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.








