Daryo

Samarqandda xotinini pichoqlab o‘ldirgan erkak 17 yilga qamaldi

Yillab davom etgan oilaviy kelishmovchiliklardan so‘ng erkak janjal chiqarib, xotinini qasddan o‘ldirdi.

2 daqiqa o‘qish3 451 ko‘rishlar0 izoh0

Samarqand shahrida nonushta paytida xotini bilan janjallashib, uni pichoqlab oʻldirgan 49 yoshli erkakka hukm o‘qildi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.

Sud ma’lumotlariga ko‘ra, 1998-yilda turmush qurgan er-xotinning bir nafar farzandi bo‘lgan. Turmush qurganidan koʻp oʻtmay ayol ishga chiqqan. Erkak uni muntazam ravishda xiyonatda gumon qila boshlagan. Xotinining ishga, bozorga yoki ota-onasinikiga qatnovi, shuningdek, boshqa farzand ko‘rishni istamasligi oiladagi janjallarga sabab bo‘lib kelgan.

“Toʻyimizdan koʻp oʻtmay xotinim mening ruxsatimsiz ishga chiqib ketdi. Shundan so‘ng uning feʼl-atvori o‘zgardi, uni xiyonatda gumon qila boshladim. Lekin biror marta aniq bir kishi bilan ushlamadim”, dedi sudlanuvchi.

Erkakning ta’kidlashicha, mazkur rashk va kelishmovchiliklar yillab davom etgan. Hatto 2023-yil noyabrida er-xotin AQSHga borib yashay boshlagan davrida ham nizolar tinmagan.

2026-yil 7-yanvar kuni er-xotin Samarqandga qaytib, bir uyda, biroq alohida xonalarda yashay boshlagan. Uzoq yillar davomida xotinini xiyonatda gumon qilib kelgan erkak birga yashashni istamasligini aytib, ajrashishni taklif qilgan. Biroq ayol bunga rozi boʻlmagan.

Fojia 14-fevral kuni sodir bo‘lgan. Soat 10:00 larda uyg‘onib, nonushta tayyorlagan erkak spirtli ichimlik ichib, xotinini uyg‘otgan va ular dasturxonga o‘tirgan.

Sudlanuvchining ko‘rsatuviga ko‘ra, nonushta paytida xotini undan nega o‘qrayib o‘tirganini so‘ragan. Shundan so‘ng erkakning jahli chiqib, stol ustidagi pichoqni olib, ayolning o‘ng biqiniga zarba bergan. Ikkinchi zarbani berishga uringanida pichoqning uchi bukilib qolgan. Shundan so‘ng u dahlizga o‘tib, isitish pechi ustida turgan boshqa pichoqni olib kelgan.

Oshxonadan qochib chiqayotgan ayol ostonaga qoqilib yiqilgach, erkak uning orqa qismiga bir necha marta pichoq bilan zarba bergan. Shundan so‘ng pichoqni tashlab, qo‘shni hovlidagi akasinikiga chiqqan va qarindoshlariga xotinini o‘ldirganini aytgan. Voqea joyiga profilaktika inspektori va yaqinlari yetib kelgan.

Marhumaning ukasi sudda opasi va pochchasi o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashganidan to‘liq xabardor emasligini, opasi biror marta ham shikoyat qilib kelmaganini, faqat jiyanidan AQSHda janjallashganlarini eshitganini bildirgan.

Sud-tibbiy ekspertizasi ayolning o‘limiga o‘tkir qon ketishi sabab bo‘lganini aniqlagan. Psixiatriya ekspertizasi esa erkak jinoyat vaqtida o‘z harakatlarini to‘liq anglaganini ko‘rsatgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Narpay tuman sudi hukmi bilan erkak Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi bilan (qasddan odam oʻldirish) aybdor deb topilgan. Unga 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar