Daryo

Farg‘onada 125 mlrd so‘mlik noqonuniy QQS shakllantirishga urinish aniqlandi

Ushbu sxema soxta fiskal cheklar orqali noqonuniy keshbek olish uchun tashkil etilgan. Holat yuzasidan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

1 daqiqa o‘qish3 242 ko‘rishlar0 izoh2

Farg‘ona viloyatida tezkor tahlillar davomida 125,4 mlrd so‘mlik sun’iy QQS hosil qilishga urinish holati aniqlandi. Bu haqda viloyat Soliq boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, fuqaro T.Z. rahbarligidagi Farg‘ona shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “E.F.F.” hamda “F.E.O.Z.” kompaniyalari 2026-yil may oyida Termiz shahridagi “T.B.S.E.” MCHJdan go‘yoki 1,2 trln so‘mlik un va sariyog‘ mahsulotlari sotib olgani haqida elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirgan.

Soliq organlari korxonalarning QQS hisobotlarini va yuridik manzillaridagi omborlarni o‘rganganda, Farg‘onadagi korxonalarga amalda hech qanday mahsulot yetkazib berilmagani, ular uchun biror so‘m ham pul o‘tkazilmagani aniqlangan.

Shu tariqa, Termizdagi korxona Farg‘onadagi ikki MCHJda 125,4 mlrd so‘mlik sun’iy QQS hosil qilishga uringani ma’lum bo‘lgan.

Tezkor choralar natijasida “E.F.F.” va “F.E.O.Z.” kompaniyalarning QQS guvohnomalari vaqtincha to‘xtatilgan, aniqlashtirilgan hisobotlar qabul qilinib, 125,4 mlrd so‘mlik sun’iy QQS hisobdan chiqarilgan.

Soliq boshqarmasi ushbu firibgarlik sxemasi ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta fiskal cheklarni sotish va ular asosida noqonuniy keshbek olish imkoniyatini yaratish maqsadida tashkil etilganini ma’lum qildi.

Holat yuzasidan to‘plangan materiallar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Soliq organlari fuqarolardan “Soliq” mobil ilovasida faqat o‘zlari amalga oshirgan xaridlar uchun berilgan haqiqiy fiskal cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazishni, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan soxta cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazmaslikni so‘radi. Unga ko‘ra, bunday harakatlar qonunchilikka zid bo‘lib, javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Iyun oyi boshida Farg‘ona viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan Soliq Mobile ilovasi orqali 3,2 mlrd so‘m mablag‘ keshbek sifatida talon-toroj qilingani fosh etilgani haqida xabar berilgandi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar