Daryo

O‘zbekistonda “havodan” 2 mlrd so‘m QQS olishga erishganlar ushlandi

DXX qalbaki hujjatlar orqali qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish sxemasini fosh etdi. Muqaddam sudlangan shaxslar bu xizmat evaziga 340 mln so‘mni o‘zaro taqsimlab olishlari kerak bo‘lgan.

1 daqiqa o‘qish51 413 ko‘rishlar0 izoh32

Davlat xavfsizlik xizmati qalbaki hujjatlar orqali 2 mlrd so‘m QQSni qaytarish sxemasi fosh etilganini ma’lum qildi.

DXXning Navoiy, Toshkent va Andijon viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yo‘nalishida Chirchiq shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unga ko‘ra, Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi MCHJning muqaddam sudlangan xodimi Navoiy viloyatidagi xususiy korxona ish boshqaruvchisining ishonchiga kirib, 2025—2026-yillarda 20 mlrd so‘m atrofida tovar aylanmasi bo‘lgani to‘g‘risida qalbaki hujjatlar rasmiylashtirish orqali, mazkur korxona hisobiga byudjetdan 2 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini soliq idoralarida ishlovchi tanishlari ko‘magida qaytarib olinishida yordam berishini aytgan. O‘z navbatida, ushbu “xizmat” haqi evaziga 340 mln so‘m talab qilgan.

QQSni korxona hisob raqamiga tushirib berish bilan bog‘liq barcha soxta amaliyotlarni uning sherigi — Andijon shahrida yashovchi, 1971-yilda tug‘ilgan yakka tartibdagi tadbirkor amalga oshirgan. Ya’ni tadbirkor o‘ziga tanish bo‘lgan MCHJ va Navoiy viloyatidagi xususiy korxona o‘rtasida elektron shartnoma rasmiylashtirgan. Ushbu shartnomaga asosan go‘yoki qiymati 18 mlrd 670 mln so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgani, transport xizmati ko‘rsatilgani va qurilish materiallari yetkazib berilgani to‘g‘risida 10 ta soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirib, 2 mlrd so‘m QQS qaytarilishiga erishgan.

Shundan so‘ng talab qilingan pul mablag‘ini ular o‘zlarining jinoiy sheriklari — Qibray tumanida yashovchi, 1973-yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1996-yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaro orqali olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

Aniqlanishicha, ushbu shaxslar talab qilingan 340 mln so‘mni o‘zaro taqsimlab olishlari kerak bo‘lgan.

Mazkur to‘rt nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari doirasida ularning mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan soliq idoralaridagi tanishlarini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar