Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘li Adam Qodirov bir nechta yo‘l harakati qoidalarini buzganini videoga oldi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Range Rover’ni boshqarayotgan Adam mashina haydash jarayonini 13 soniyalik videoga olgan. Ushbu video unga bog‘liq Instagram akkauntlaridan birida e’lon qilingan. Dastlab videoda Qodirov yo‘lni, keyin o‘zini va yo‘lovchini ko‘rsatgan. Mazkur jarayonda Checheniston rahbarining o‘g‘li bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘l harakati qoidalarini buzgan, jumladan:
- Qodirov rulda telefondan foydalangan.
- Uning mashinasi uzun yotiq chiziqni kesib o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.
- Rolikning oxiriga kelib Qodirovning mashinasi shahar bo‘ylab soatiga 112 kilometrgacha tezlashgan. Videoda soatiga 50 kilometrgacha tezlikni cheklash belgisi tushib qolgan.
Bundan tashqari, Adam Qodirov va uning yo‘lovchisi xavfsizlik kamarlarini taqmaganiga ham e’tibor qaratilgan. Uzun yotiq chiziqni kesib o‘tish yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi va haydovchilik huquqidan mahrum etish bilan yakunlanishi mumkin.
Tezlikni me’yordan oshirish esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 12.9-moddasi 4-qismiga to‘g‘ri keladi, bu ham to‘rt oydan olti oygacha bo‘lgan muddatga mashina boshqarish huquqidan mahrum qilishni nazarda tutadi. Rulda telefondan foydalanganlik uchun esa 1500 rubl (taxminan 19,5 dollar) jarima solinadi.
2026-yil boshida Adam Qodirov Grozniyda yo‘l-transport hodisasiga uchragani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. “Kavkaz.Realiy” manbasiga ko‘ra, Checheniston rahbarining o‘g‘li boshqarayotgan mashina juda yuqori tezlikda to‘siqqa urilgan. Uning ortidan kelayotgan kortej avtomobillari esa bir-biriga urilib ketgan.
“Novaya gazeta Yevropa” Qodirov kortejidagi mashinalar boshqa avtomobil bilan to‘qnashgani va oqibatda o‘sha mashina haydovchisi halok bo‘lgani haqida xabar bergandi. O‘shanda Ramzan Qodirov o‘g‘lining YTHga uchragani haqidagi xabarlarni “uydirma” deb atagan. Avariya haqida rasman xabar berilmagan.








