Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning kenja farzandi Adam Qodirov Grozniy shahrida avtohalokatga uchragan bo‘lishi mumkin, deya Meduza xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 18 yoshli Adam Qodirov og‘ir ahvolda Respublika shifoxonasiga olib kelingan. Niyso(chechen muxolifatining Telegram kanali)ning yozishicha, shifokorlar uni reanimatsiya bo‘limiga olgan. Kichik Qodirov Moskvaga ko‘chirilishi ham mumkin.
Yo‘l transport hodisasi Qodirov korteji yuqori tezlikda harakatlanayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Natijada bir necha kishi jarohat olgan. Shundan so‘ng Grozniy shahrining ayrim ko‘chalari, xususan, u yotgan shifoxonaga olib boruvchi yo‘l vaqtincha yopilgan.
Adam Qodirov Checheniston rahbarining eng ko‘p muhokama qilinadigan farzandlaridan biri hisoblanadi. U ayni vaqtda respublika Xavfsizlik kengashi kotibi, Checheniston rahbari xavfsizlik xizmati rahbari, Checheniston Ichki ishlar vazirligi kuratori hamda G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami ko‘rsatish fondi koordinatori hisoblanadi.
Bundan tashqari, Ramzan Qodirov kenja farzandini Checheniston Qahramoni unvoni va Qodirov ordeni bilan taqdirlagan. Shuningdek, “Checheniston himoyachisi” va “Axmat hoji Qodirov xotirasi” medallariga munosib ko‘rgan.








