Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni AQSHning Savdo vakili Jeymison Grirni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida AQSH vakili prezidentga Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ishbilarmonlik aloqalari faollashgani, o‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Shuningdek, yaqinda Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Amerika biznesi vakillari bilan o‘tkazilgan davra suhbatining amaliy natijalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu jarayon kelgusida ham AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar yangi loyihaviy tashabbuslarni aniqlash va ilgari surishda Amerika—O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi mexanizmidan samarali foydalanish zarurligini ham qayd etdi.








