Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida itlarga nisbatan shafqatsizlik qilingani yuzasidan tekshiruv boshlandi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Ko‘pqavatli uy yonida joylashgan omborxona hududida bir necha erkak itlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lib, ularni urib o‘ldirgani aks etgan video 19-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, turli muhokamalarga sabab boʻlgandi.
“Hududimizda doim oʻzimizning itlarimiz boʻlgan. Keyingi vaqtlarda shu yaqin atrofdagi qurilishlar tugallangach, u yerlardan ham boshqa itlar kelib qoʻshildi. Toʻgʻri, oxirgi paytlarda itlar soni ancha koʻpaydi”, degan o‘sha yerda faoliyat olib boruvchi tadbirkor Yevgeniy Rojkov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari bir veterinar kelib, boshqa veterinarlar qabul qilishdan bosh tortgan katta va tajovuzkor itni yaxshi davolagan. Uning ishidan mamnun boʻlgani uchun bu safar ham uni chaqirtirgan. Hududni burgalarga qarshi ishlov berishni, ahvoli ogʻir boʻlgan toʻrtta itni koʻzdan kechirib, agar yashab ketishiga umid boʻlmasa, ularni qiynalmasligi uchun evtanaziya qilishni so‘ragan.
“Afsuski, bizning veterinar ikki itimizga nisbatan shafqatsizlik qilgan. Bizdagi videolarda uning ukol qilayotgani ham, hududda ishlov berayotgani ham aks etgan. Yaʼni, u dastlab yaxshi niyat bilan kelgan. Nega oxiri bunday tarzda yakunlanganini men izohlay olmayman. Bu holat meni juda qattiq ranjitdi”, degan tadbirkor.
“Ekolog” jamoat tashkiloti direktori o‘rinbosari Guli Ergashevaning ta’kidlashicha, veterinar shifokor qonun talablarini buzgan, insonparvarlik tamoyillariga zid ravishda harakat qilgan va itlar shafqatsizlarcha oʻldirilgan.
IIBB xabarida bildirilishicha, videolardagi kishilarning shaxsiga aniqlik kiritildi. Ulardan tushuntirish xati va koʻrsatmalar olindi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Xulosaga koʻra qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.
Aprel oyida Toshkentning Uchtepa tumanida itlar ustiga mashina haydagan ikki kishi sudga berilgandi. Mart oyida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida mushuk bolalariga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan shaxslardan biri 15 sutka, ikkinchisi 10 sutkaga qamalgandi.
O‘zbekistonda 2026-yil 25-mart kuni hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid qonun qabul qilingan. Unga ko‘ra, bunday huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanadi.








