Daryo

“Transafgʻon temiryoʻlini qurishning umumiy qiymati 7 mlrd dollardan ortadi” — Jasurbek Choriyev

Transport vaziri oʻrinbosari hozirda loyihaning texnik iqtisodiy asosi ishlab chiqilayotganini aytdi. Maʼlum qilinishicha, bir necha davlatlar temiryoʻl qurilishida hamkorlik taklifini bildirgan.

2 daqiqa o‘qish5 633 ko‘rishlar0 izoh3

Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokistonni bogʻlovchi transafgʻon temiryoʻlini qurish xarajatlari 7 milliard dollardan ortishi mumkin. Bu haqda transport vaziri oʻrinbosari Jasurbek Choriyev 18 kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumida maʼlum qildi.

Tadbirda vazirlik rasmiysi hozirda transafgʻon temiryoʻlini qurish boʻyicha texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqilayotganini aytdi.

“Loyihaning texnik iqtisodiy asosi 2026-yil yil oxirigacha yakunlanadi. Temiryoʻl qurilishiga ketadigan umumiy xarajatlar qiymati 7 milliard dollardan koʻproqqa baholanmoqda”, dedi vazir oʻrinbosari.

Jasurbek Choriyev loyiha boʻyicha hamkorlik qilishga bir necha davlatlar qiziqish bildirayotganini taʼkidladi. Xususan, BAA va qatarlik hamkorlar bilan muzokaralar oʻtkazilayotganini bildirdi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Vazir oʻrinbosarining aytishicha, temiryoʻl qurilishi Pokistonning Karachi shahridagi dengiz portiga eng qisqa yoʻlni ochiladi. Natijada Hindistonni Oʻrta Osiyo va MDH davlatlariga bogʻlash imkoni paydo boʻladi.

“Bu davlatlar oʻrtasidagi bozor qiymati 700 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi. Prognozlarga koʻra, transafgʻon koridori qariyb 20 million tonna yuk tashish imkoniyatini beradi”, dedi vazirlik rasmiysi.

Muloqotda Yevrosiyo taraqqiyot banki transafgʻon temiryoʻli loyihasini moliyalashtirishga tayyor ekani bildirildi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Transafgʻon temiryoʻli haqida

Transafgʻon temiryoʻli liniyasi uch davlatning Termiz—Mozori Sharif—Logar—Xarlachi—Torxam yoʻnalishi boʻylab davom etib, Peshovar va Rohri orqali Karachi portiga chiqadi. Mozori Sharifdan Torxamgacha boʻlgan yangi uchastkalarning uzunligi 760 kilometrni tashkil qiladi.

Loyiha Markaziy Osiyo mamlakatlariga Pokistonning yirik dengiz portlariga chiqish yoʻli ochishi aytilgan. Natijada mintaqaviy aloqa va savdoni rivojlanishi bildirilgan. Temiryoʻl ishga tushsa, Pokistondan Oʻzbekistonga yuk tashish hozirgidek 35 kunda emas, 3-5 kun davom etishi ma’lum qilingan.

Transafgʻon temiryoʻlida bitta standart konteynerni tashish narxi qariyb uch barobarga arzonlashishi kutilmoqda. Mazkur yoʻnalish boʻylab yuk tashish hajmi dastlab 10 million tonnaga yetishi mumkinligi aytilgandi. Bugun esa bundan ikki baravar yirik raqam — 20 million tonnaga yetishi ochiqlandi.

Oʻzbekiston transafgʻon temiryoʻli loyihasini amalga oshirishga bir necha yillardan beri harakat qilib keladi. 2024-yil oktyabrda transport vaziri Ilhom Mahkamov temiryoʻl loyihasining texnik–iqtisodiy asoslari ishlab chiqilayotganini aytgandi. Vazir temiryoʻl qurilishi 2025-yilda boshlanishi, jarayon kamida 5 yil davom etishini maʼlum qilgan.

Ikki yil oldin ochiqlangan dastlabki taxminlarda loyihaning rejalashtirilgan qiymati 4,8 milliard dollar ekani bildirilgandi.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar