Rossiya iyun oyida dengiz orqali yonilg‘i import qilishni boshlaydi. Sanoatdagi to‘rtta manbaning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat neftni qayta ishlash zavodlariga qilingan yirik dron hujumlaridan keyingi benzin taqchilligini shu yo‘l bilan hal qilmoqchi. Dunyodagi eng yirik neft va neft mahsulotlari eksportchisi bo‘lgan Rossiya uchun bu kutilmagan va kamdan kam kuzatiladigan holatdir.
Manbalarning ta’kidlashicha, iyun oyida Rossiyaning g‘arbiy portlaridan biri orqali benzin partiyasi qabul qilinadi. Yonilg‘i Osiyodan yetkazib beriladi, biroq uning hajmi va yetkazib beruvchilar ochiqlanmadi. Boshqa bir manbaga ko‘ra, Rossiya 2025-yilda ham dengiz orqali yonilg‘i olib kirishni o‘ylagan edi. Ammo u paytda ichki bozorning o‘zida ta’minot yetarli bo‘lgan.
2026-yilda esa Ukrainaning Rossiya neft zavodlari, quvurlari va yonilg‘i omborlariga qilgan ko‘p oylik dron hujumlari sababli ta’minot cheklanib qoldi. Ukraina shu orqali Moskvani urushni moliyalashtirish imkoniyatidan mahrum qilmoqchi. Eng so‘nggi hujumlar TANECO va Moskva neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirildi. Oqibatda har ikkala zavodda ham mahsulot ishlab chiqarish to‘xtab qoldi.
Reuters agentligi to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning o‘nga yaqin hududida yonilg‘i taqchilligi kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Rossiya nazoratidagi Qrim hamda Sibirning ikkita viloyati yonilg‘i yetishmasligini rasman tasdiqladi. Shuningdek, hukumat iyul oyi oxirigacha benzin eksportiga taqiq joriy qildi. Bu yoz oylarida aholining yonilg‘iga bo‘lgan yuqori talabini qondirish uchun yordam beradi.
Moskva taqchillikni hal qilish uchun qo‘shni Belarusdan ham yonilg‘i import qildi. Avvalroq Qozog‘istondan ham kam miqdorda yonilg‘i sotib olishga harakat qilgan edi. Biroq manbalarning qo‘shimcha qilishicha, agar chuqurroq inqiroz yuzaga kelsa, har ikkala davlatda ham Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli zaxira quvvati yo‘q.
Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, dengiz orqali yonilg‘i olib kirish vaqtinchalik chora hisoblanadi. Logistika muammolari va yuqori narxlar tufayli bu yo‘l bilan katta hajmda yuk tashish imkonsiz.
Manbalar ushbu mavzuda ochiqchasiga gapirishga vakolati yo‘qligi sababli ismlari sir qolishini so‘radi. Rossiya Energetika vazirligi esa Reuters so‘roviga javob bermadi. Soha mutaxassislarining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 2025-yilda qariyb 5 million tonna (kuniga taxminan 117 ming barrel) benzin eksport qilgan edi.
Aviayonilg‘i narxi rekord darajaga chiqdiBenzin va dizeldan tashqari, fuqaro aviatsiyasi ham kerosin topishga qiynalmoqda. Mamlakatning bir nechta yirik aeroportlarida samolyotlarga yonilg‘i to‘ldirish bilan bog‘liq cheklovlar joriy etilgani haqida xabarlar bor.
Ulgurji bozorda aviakerosin narxi rekord darajaga chiqib, bir tonnasi 113 ming rublga (taxminan 1,2 ming dollar) yetgan. Bu mart oyining boshiga nisbatan 52 foizga yuqoridir.
Rossiya Energetika vazirligi muammoni yumshatish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazgan. Shundan so‘ng ayrim aviakerosin taqchil hududlarga mamlakatning boshqa nuqtalaridan yonilg‘i yetkazilgan. Shuningdek, 2026-yilning 30-noyabr sanasiga qadar ushbu yonilg‘i turining eksporti taqiqlangan.








