Daryo

Rossiya dizel eksportini taqiqlamoqchi

Ukrainaning hujumlari mamlakatdagi neft zavodlarini ishdan chiqardi. Buning ortidan mamlakatda yonilg‘i ishlab chiqarish 25 foizga kamayib, ichki bozorda taqchillik va narx oshishi kuzatilmoqda.

3 daqiqa o‘qish3 398 ko‘rishlar0 izoh2

Rossiya hukumati ichki yonilg‘i bozorini barqarorlashtirish uchun dizel eksportiga toliq taqiq qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bunga Ukrainaning neftni qayta ishlash zavodlari va ta’minot tarmoqlariga bergan zarbalari sabab bo‘lmoqda. Hujumlar oqibatida mamlakatda yonilg‘i taqchilligi kuchayib, narxlar oshib ketdi. Bu haqda The Moscow Times xabar berdi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak 23-iyun kuni ichki bozordagi vaziyat murakkab, ammo nazorat ostida ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, benzin va aviayonilg‘i eksportiga qo‘yilgan cheklovlardan tashqari, endi dizel eksportini ham butunlay taqiqlash masalasi o‘rganilmoqda.

“Biz barcha neftni qayta ishlash zavodlarining quvvatini maksimal darajaga ko‘tardik. Ta’mirlash muddatlarini qisqartirdik va rejalashtirilgan texnik ko‘riklarni keyingi muddatlarga qoldirdik”, dedi Novak prezident Vladimir Putin va boshqa yuqori martabali mulozimlar bilan uchrashuvda.

Bu bayonot uning iyun oyi boshidagi gaplariga ziddir. O‘shanda u dizel eksportini to‘liq taqiqlashga ehtiyoj yo‘qligini aytgan edi. Hozirda faqat dizel ishlab chiqaruvchi Rossiya kompaniyalarigagina uni xorijga sotishga ruxsat berilgan.

Novak mamlakatda yonilg‘ini me’yor bilan berish (limitsiz sotmaslik) choralari ko‘payayotganini rad etishga urindi. U buni ayrim hududlarda va ma’lum yonilg‘i quyish shoxobchalarida yetkazib berishdagi vaqtincha uzilishlar deb ta’rifladi.

Ommaviy axborot vositalarining yozishicha, so‘nggi haftalarda yigirmaga yaqin hududda benzin va dizel sotib olishga cheklovlar joriy etilgan. Bu uzilishlar juda muhim davrga — yozgi ta’til va qishloq xo‘jaligi mavsumi ayni qizigan vaqtga to‘g‘ri keldi. Yil boshidan beri Rossiyada benzinning o‘rtacha narxi 6,6 foizga oshdi. Faqat bir haftalik keskin sakrash ortidan, 15-iyun holatiga ko‘ra, mamlakatda bir litr benzinning o‘rtacha narxi 69,11 rublga yetgan.

Rossiya Energetika vazirligi iyun oyi boshida yirik energiya korporatsiyalari bilan birgalikda tizimli tezkor guruh tuzdi. Undan maqsad butun energiya sektorining barqaror ishlashini ta’minlashdir. Vazirlik shu tariqa ilk bor ichki bozordagi qiyinchiliklarga Ukrainaning dron zarbalari bevosita sababchi ekanini tan oldi.

“Rosneft” rahbari takliflari

“Kommersant” nashrining 24-iyun kungi xabariga ko‘ra, “Rosneft” rahbari Igor Sechin may oyida Putinga xat yo‘llagan. U xatda yonilg‘i taqchilligining oldini olish uchun uni taqsimlash tizimini vaqtincha o‘zgartirishni so‘ragan.

Sechin barcha neft kompaniyalarini xom neftning kamida 30 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichki qayta ishlash zavodlariga yuborishga majburlashni taklif qildi. Shuningdek, u kompaniyalarni o‘zlarining eng yuqori sifatli yonilg‘ilarini ochiq birjalarda sotishga majburlovchi qoidalarni vaqtincha to‘xtatishni tavsiya etgan. Uning da’vo qilishicha, hozirda vositachilar o‘z foydasini oshirish uchun yonilg‘ini yashirib, to‘plab qo‘ymoqda.

Buning o‘rniga, Sechin kompaniyalar o‘z yonilg‘i quyish shoxobchalariga va davlat shartnomalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib beradigan yonilg‘ini ham milliy ta’minot kvotasiga qo‘shishni so‘ramoqda. Shuningdek, u favqulodda vaziyatlar uchun past sifatli yonilg‘i ishlab chiqaradigan zavodlarni ushbu mahsulotning 100 foizini ochiq birjada sotishga majburlashni va uni sotib olishda oddiy iste’molchilarga imtiyoz berishni taklif qilgan.

Zavodlar ishdan chiqqan

Ukraina shu bahorda Kremlni yuqori neft narxidan keladigan daromaddan mahrum qilish uchun zavodlarga hujumlarni kuchaytirdi. Dron zarbalari Rossiya benzin ishlab chiqarishining katta qismini ta’minlaydigan korxonalarda ishlab chiqarishni to‘xtatib qo‘ydi yoki kamaytirdi.

O‘tgan haftada soha manbalari Reuters agentligiga Rossiya iyun oyida taqchillik tufayli Osiyodan dengiz orqali yonilg‘i import qilishini ma’lum qildi. Agentlikning bildirishicha, Rossiyada benzin ishlab chiqarish hajmi 2025-yilning iyun oyidagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 25 foizga kamaygan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar